Xorazmdagi "Lazgi" va "Avesto" muzeylari rekonstruksiya qilinadi
Buning uchun mahalliy byudjetdan 10 mlrd soʻm ajratiladi.

Xorazm viloyati mahalliy byudjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan byudjet va byudjetdan pul oluvchi tashkilotlarga katta mablagʻ beriladi.
Jumladan, Urganch shahridagi "Lazgi" va "Avesto" muzeylarini rekonstruksiya qilish uchun 10 mlrd soʻm mablagʻ ajratiladi. Ishlarni viloyat hokimligi huzuridagi "Yagona buyurtmachi xizmati" injiniring kompaniyasi amalga oshiradi.
Shuningdek, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”da, kambagʻallik roʻyxatida turgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qoʻllab-quvatlash borasida ayniqsa, ogʻir kasallikka chalingan fuqarolarni moddiy qoʻllab-quvvatlash, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshiriladigan ishlarni moliyalashtirish uchun 2 mlrd soʻm beriladi.
Viloyat hokimligining “Rasmiy mehmonlar qabullar uyi” muassasasini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, gul ekish va boshqa xarajatlarni qoplash uchun 462 mln sarflanadi. Umumiy ajratilayotgan mablagʻ miqdori 12 mlrd 520 mln soʻmni tashkil etadi.
Eslatib oʻtamiz, avval Fargʻona hokimi Xayrullo Bozorov mablagʻ ajratish boʻyicha uchta farmoyish chiqargandi.