Xayrullo Bozorov mablagʻ ajratish boʻyicha uchta farmoyish chiqardi
Tuman va shaharlar huzuridagi Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmalariga 10 mlrd soʻm beriladi.

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov 2025 yil 19 may kuni mablagʻ ajratish boʻyicha uchta farmoyishni imzoladi.
Birinchi farmoyishga koʻra, tuman va shaharlar huzuridagi Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmalariga 10 mlrd soʻm beriladi.
Pul I chorak mahalliy byudjetning oshirilib bajarilgan qismidan beriladi.
Jumladan, Fargʻona shahriga 742 mln soʻm, Qoʻqon shahriga 740 mln, Oltiariq tumaniga 621 mln, Buvayda tumaniga 659 mln, Toshloq tumaniga 510 mln soʻm, Qoʻshtepa tumaniga 495 mln soʻm ajratiladi.
Shuningdek, Fargʻona shahar Mustaqillik MFY hududidagi “Yangi Oʻzbekiston” massivida “IT-park, kutubxona va til oʻrgatish markazi” obʼektining loyiha smeta hujjatlarii ishlab chiqish va davlat ekspertiza xulosalarini olish uchun viloyat mahalliy byudjetining 2025 yil I chorak daromadlar rejasini oshirib bajarilgan qismi hisobidan 688 134,0 (olti yuz sakson sakkiz million bir yuz oʻttiz toʻrt) ming soʻm mablagʻ viloyat hokimligi “Kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati” davlat muassasasiga ajratiladi.
Viloyatda YTHlarning oldini olish, avtomobil yoʻllarini qarama-qarshi yoʻnalishlarga ajratib beruvchi beton toʻsiqlar bilan taʼminlash maqsadida, Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi balansida boʻlgan BDO-5 beton toʻsiqlarni Fargʻona viloyatiga tashib keltirish uchun jalb qilingan maxsus texnikalarning yoqilgʻi-moylash mahsulotlari uchun 270,0 (ikki yuz yetmish) million soʻm taqdim etiladi. Pul viloyat mahalliy byudjetining 2025 yil I chorak daromadlar rejasini oshirib bajarilgan qismi hisobidan beriladi.
Mablagʻ viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Yoʻl xarakati xavfsizligi boshqarmasiga ajratiladi.