Shavkat Mirziyoyev Viktor Orbanhbilan tor va rasmiy doirada muzokaralar oʻtkazdi
Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Terrorizm, ekstremizm, narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasi kabi muammolar muhokama qilindi.

"Karmelita" saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston-Vengriya strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari Vengriya yetakchisiga Budapesht shahrida Oʻzbekiston delegatsiyasiga koʻrsatilayotgan samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi.
Amaliy hamkorlik barcha yoʻnalishlarda izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Parlamentlar, hukumatlar, idora va hududlar darajasida samarali aloqalar yoʻlga qoʻyilgan. BMT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida yaqin hamkorlik qilinmoqda.

Oʻzaro savdo hajmi ortmoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yetakchi korxonalarning kooperatsiyasi kuchaymoqda.
Tovar ayirboshlash hajmini, shu jumladan import oʻrnini bosish va "GSP+" maqomi hisobiga birinchi bosqichda 500 million yevroga yetkazish muhimligi qayd etildi.
Shu maqsadda laboratoriyalar Yevropa Ittifoqi talablariga muvofiq akkreditatsiyadan oʻtkaziladi, tovarlarni oldindan sertifikatlash dasturi va eksport qiluvchi kompaniyalarga koʻmaklashish boʻyicha qoʻshma platforma ishga tushiriladi.
Taʼkidlash joizki, bugungi kunda qoʻshma investitsiya loyihalari portfeli 500 million dollarni tashkil etadi. Bu galgi tashrif uchun yana 1,5 milliard yevrolik yangi loyihalar tayyorlangan.
Vengriyaning “OTP” banki Oʻzbekiston moliya bozoriga chiqqani Vengriya va Yevropa biznesi uchun kuchli ragʻbat boʻlgani taʼkidlandi. Bank bilan moliyalashtirish vositalarini kengaytirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Avtokreditlashni rivojlantirish uchun qoʻshma kompaniya tashkil etish va biznesni qoʻllab-quvvatlash dasturini ishga tushirish shular jumlasidan. Sirdaryo viloyatida parrandachilik klasterini tashkil etish ham faol bosqichda.
Ertalab ishbilarmon doiralar vakillari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, avtomobil yoʻllari va logistika markazlarini qurish, kommunal tarmoqlarni rivojlantirish, tayyor toʻqimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari, kimyoviy tovarlar, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, raqamli texnologiyalar, baliqchilik kabi sohalarda yangi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Bunday ishlab chiqarishlarni Oʻzbekistonda joylashtirish uchun Vengriyaning "Inpark" operatori boshqaruvida Yevropa kompaniyalari uchun maxsus sanoat zonasi tashkil etilayotgani taʼkidlandi.
Umuman, joriy yil iyul oyida Budapesht shahrida boʻlib oʻtadigan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishida Investitsiyaviy sheriklik dasturini tayyorlash va qabul qilishga kelishib olindi.
Shuningdek, Oʻzbekiston-Vengriya Ishbilarmonlar kengashi faoliyatini qayta tiklash va yaqin fursatda uning navbatdagi yigʻilishini biznes vakillarining keng ishtirokida oʻtkazish taklif qilindi.
Oʻtgan yil oktabr oyida Qoʻqon shahrida oʻtgan birinchi Hududlar forumining samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi. Hududlararo aloqalarni ragʻbatlantirish maqsadida Vengriyada ikkinchi forumga puxta tayyorgarlik koʻrish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Ishbilarmonlik, turizm va madaniy almashinuvlarni faollashtirish maqsadida ikki mamlakat oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni rivojlantirish masalalari ham koʻrib chiqildi.
Madaniy-gumanitar sohadagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻtgan yilning oktabr oyida Lakitelek shahrida buyuk shoir Alisher Navoiy byusti ochildi. Joriy yilning yanvar oyida Budapeshtda Oʻzbek kinosi kunlari oʻtkazildi.
Kelgusi yilni Oʻzbekiston va Vengriya madaniyati yili deb eʼlon qilish taklifi bildirildi. Vengriya davlat opera teatri sahnasida "Lazgi" baletini sahnalashtirish va Budapeshtdagi Etnografiya muzeyida oʻzbek madaniyati koʻrgazmasini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Taʼlim almashinuvi boʻyicha "Stipendium Hungaricum" dasturi doirasidagi hamkorlik davom ettiriladi. Shuningdek, ikki mamlakatda tan olinadigan diplomlar berish tizimini joriy etish va mamlakatimizda Vengriya oliy taʼlim muassasalarining filiallarini tashkil etish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Shu maʼnoda, joriy yilda Toshkent shahrida Oʻzbekiston va Vengriya rektorlarining uchinchin forumini oʻtkazish taklif qilindi.
Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Terrorizm, ekstremizm, narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasi, odam savdosi va xavfsizlikka tahdid solayotgan boshqa zamonaviy xatarlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni davom ettirish muhim ekani taʼkidlandi.
Erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan nazorat oʻrnatish maqsadida mutasaddi vazirliklarga qoʻshma "yoʻl xaritasi"ni tayyorlash topshirildi.
Uchrashuv yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir Viktor Orbanni javob tashrifi bilan Oʻzbekistonga kelishni taklif etdi.