Prezident Vengriyaning yirik kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashdi
Uchrashuvda “OTP Bank”, “BDPST Group”, “4iG”, “Indotek”, “MVM”, “Duna Group”, “MOL Group”, “H2O Consortium”, “Inpark”, “Wizz Air” va boshqa koʻplab kompaniyalarning top-menejerlari va taʼsischilari ishtirok etdi.

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga rasmiy tashrif bilan Budapesht shahriga keldi.
Samolet oldida Oʻzbekiston yetakchisini Vengriya iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nad va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Ferens List nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmon sharafiga ikki mamlakat davlat bayroqlari koʻtarildi, faxriy qorovul saf tortdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, 20 may kuni oliy darajadagi Oʻzbekiston-Vengriya muzokaralari boʻlib oʻtadi.
Davlatimiz rahbari Vengriyaning rasmiylari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan ham uchrashuvlar oʻtkazadi.
Oʻzbekiston Prezidenti 21 may kuni Vengriya poytaxtida Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Budapeshtga rasmiy tashrifi Vengriyaning yirik kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuvdan boshlandi.
Vengriya tomonidan “OTP Bank”, “BDPST Group”, “4iG”, “Indotek”, “MVM”, “Duna Group”, “MOL Group”, “H2O Consortium”, “Inpark”, “Wizz Air” va boshqa koʻplab kompaniyalarning top-menejerlari va taʼsischilari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida rasmiy tashrif Vengriya ishbilarmonlari bilan uchrashuvdan boshlanayotgani ramziy maʼnoga ega ekanini taʼkidladi.
Vengriyaning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari jadal oʻsib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Masalan, “OTP Bank” Oʻzbekistonning yirik banklaridan birini sotib olib, mamlakatimiz moliya bozorida barqaror oʻrin egalladi.
Kompaniyaning avtokreditlashni rivojlantirish uchun qoʻshma kompaniya tashkil etish, biznesni moliyalashtirish dasturini yoʻlga qoʻyish, yirik parrandachilik klasterini qurish boʻyicha yangi rejalari qoʻllab-quvvatlandi.

Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va ilgʻor texnologiyalar transferini ragʻbatlantirish maqsadida Toshkent viloyatida Yevropa kompaniyalari uchun maxsus sanoat zonasi tashkil etilmoqda. Ushbu hududni boshqarish Vengriyaning “Inpark” operatoriga beriladi.
Iqtisodiy sheriklikni kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston Prezidenti qator ustuvor yoʻnalishlarni koʻrsatib oʻtdi. Qoʻshma loyihalarni birgalikda moliyalashtirish va tayyor mahsulotlarni uchinchi mamlakatlarning istiqbolli bozorlariga eksport qilishni qoʻllab-quvvatlash shular jumlasidan.
Transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish, xususan, yuk tashishni koʻpaytirish va ikki mamlakat oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi.
DOʻ
Davlatimiz rahbari Vengriya kompaniyalarining qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga qiziqishini yuksak baholadi. Oʻz navbatida, biznes vakillari hamkorlikni kengaytirish boʻyicha taklif va rejalarini bildirdi.
Uchrashuvda transport va yoʻl infratuzilmasini modernizatsiya qilish, logistika markazlari va kommunal tarmoqlarni barpo etish, qurilish materiallari, tayyor toʻqimachilik, kimyo, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish kabi yoʻnalishlarda yangi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Soʻzining yakunida davlatimiz rahbari bunday uchrashuvlarni muntazam oʻtkazib borishni taklif etdi.
- Biz mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi mustahkam aloqalarni rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yaratamiz, - dedi Oʻzbekiston Prezidenti.
Tadbir yakunida davlatimiz rahbari huzurida ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha bitimlar almashish marosimi boʻldi.