platina.uz
Maqola

Koʻrinmas front jangchilari: Mossadning “Muso operatsiyasi”

Mossad agentlari bu kurort hududida xuddi aktyorlardek yashagan: kunduzlari erkin kulishar, turistlarga iltifot va izzat bilan xizmat qilishar, tunda esa asl qiyofasiga – hayot va mamot oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtayotgan sovuqqon Mossad agentlari qiyofasiga qaytishar edi.

Koʻrinmas front jangchilari: Mossadning “Muso operatsiyasi”
Fotokollaj: Platina.uz

1980-yillar boshida Habashiston (Efiopiya) osmonidagi qora bulutlar yanada quyuqlashdi. Qoʻzgʻolonlar, fuqarolik urushi va xavfli siyosiy ziddiyatlar nafaqat hokimiyatni, balki butun mamlakat taqdirini larzaga solar edi. Eng koʻp aziyat chekkanlardan biri bu – tarix qatlamlarida unutilib qolib ketgan Afrikadagi qadimiy yahudiy diasporasi – falasha yahudiylari edi (ular shuningdek, “Beta Isroil” jamoasi yoki “falasha” deb ham ataladi). Falashalarning ildizlari qadimiy Isroilga borib taqalsa-da, zamonaviy dunyo ularni unutib qoʻygandek edi.

Ular ovqatsiz, suvsiz qolishgandi. Qora zamin qurib, bolalar shunchalik chanqagan ediki, ovqat oʻrniga xudodan yomgʻir soʻrab iltijo qilishar edi. 1983-1984 yillarda Habashistondagi fuqarolik urushi va 1983 yil qurgʻoqchiligi ortidan kelgan ocharchilik tufayli minglab habashistonlik yahudiylar Habashistonning shimoliga va Sudanning janubiga piyoda qochishdi. Biroq ular taʼqib va oʻlim xavfidan omon qolishni umid qilgan Sudan davlati ham xavfsiz emas edi.

1983 yili Habashiston Sudanga qarshi “Qizil yulduz” operatsiyasini oʻtkazdi. Bu operatsiyaning asosiy maqsadi habashistonlik fuqarolar, jumladan, falasha yahudiylarining Sudanga qochishining oldini olish edi.

Habashistondan Sudanga uzun va xatarli yoʻl falashalar uchun najot singari koʻrinsa-da, bu mamlakatda ham tengsizlik va tazyiq ularni kutardi. Bu yerda ular xavfsiz hayotga emas, yashash sharoiti ogʻir lagerlar, millatchilik va siyosiy beqarorlikka duch kelishdi. Qumloq lagerlarda, shox-shabba ostida yashagan falasha yahudiylari “qaniydi yana Muso kelsayu, xuddi yahudiylarni Misr firʼavni changalidan qutqarib, Falastinga olib ketgani kabi bizni ham qutqarsa edi”, deb jimgina duo qilishar edi.

Qutqaruv rejasi: Mossad va “Muso operatsiyasi”

Dunyo sukut saqlar ekan, Isroil ushbu sukunatni buzishga majbur boʻldi. Tel-Avivdagi tor yoʻlaklarda, maxfiy idoralarda, qalin devorlar orasida maxsus muhokamalar boshlandi. Mossad rahbarlari katta ishga – bir xalqni tarixiy ildizlariga qaytarish, ularni oʻlim changalidan tortib olishga qoʻl urishga ahd qilishdi. Shu tariqa “Muso operatsiyasi” (ivrit tilida – מִבְצָע מֹשֶׁה‎ – “Mivsa Moshe”) ishlab chiqildi.

Bu operatsiyaga qoʻyilgan nom tasodifiy emas edi. Muso paygʻambar yahudiylarni firʼavn qulligidan qutqargani kabi ular ham Habashiston yahudiylarini qullikdan va tutqunlikdan ozod qilishlari kerak edi. Ammo bu safar qahramonlarning qoʻllarida Muso tutgan moʻʼjizali hassa emas, balki radiatsiya, ixtiyorlarida esa xufiya agentlar, samolyot va kemalar bor edi...

1975 yilda Isroil bosh ravvinligi habashistonlik yahudiylarni yahudiy millatiga mansub deb tan oldi, 1977 yilda esa ularning repatriatsiyasiga ruxsat berish haqida qaror qabul qilindi.

Habashistondan Sudandagi yigʻilish nuqtalariga olib boradigan yoʻl togʻlar va choʻllar orqali oʻtar va bir necha haftadan 3 oygacha davom etar edi. “Ochlik, ogʻir safar, yoʻlboshchilar tomonidan talonchilik, mahalliy hokimiyatlar zoʻravonligi” oqibatida taxminan 4 ming habashistonlik yahudiy halok boʻldi.

1984 yil yozida vaziyat keskin yomonlashdi. Eritreyalik isyonchilarning muvaffaqiyatidan soʻng, Habashiston maxsus xizmatlari falasha yahudiylarini “muvaffaqiyatsizlikda va eritreyalik separatistlar bilan hamkorlikda” ayblab, ularni ommaviy ravishda qatl etishni boshladilar. “Habashistonlik yahudiylar ommaviy ravishda mamlakatdan qocha boshladi. Bu vaqtga kelib, Isroilda Xartum – Tel-Aviv havo yoʻli orqali ularni evakuatsiya qilish uchun yetarli aviatsiya kuchlari qolmagan edi.

Shu bois, Mossad va Isroil harbiy-dengiz kuchlari yordamida – ular maxfiy ravishda Sudan va Habashistonga yetib kelishdi – falasha yahudiylarini guruhlarga boʻlib Qizil dengizdagi Sudan sohiliga olib chiqish va keyinroq dengiz yoʻli orqali kemalarda evakuatsiya qilish haqida qaror qabul qilindi. Operatsiyaning dengiz qismi 1984 yil 21 noyabrda boshlandi.

...Arusa – Sudanning Qizil dengiz boʻyidagi tashlandiq qishloq. Bu yerda Mossad agentlari “dayving kurorti” nomida baza ochishadi. Mahalliy hokimiyat ham, chetdan qaragan odam ham bu yerga xorijiy sayyohlar kelib, suv ostidagi hayotni kuzatadi, deb oʻylashar edi. Aslida esa bu yerda tun qorongʻusida lagerlardan keltirilgan falasha yahudiylari suv osti sayohatiga emas, Isroilda ularni kutayotgan yangi hayot sari safarga joʻnatilar edi.

Mossad agentlari bu kurort hududida xuddi aktyorlardek yashagan: kunduzlari erkin kulishar, turistlarga iltifot va izzat bilan xizmat qilishar, tunda esa asl qiyofasiga – hayot va mamot oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtayotgan sovuqqon Mossad agentlari qiyofasiga qaytishar edi. Falasha yahudiylari kemalarga yuk kabi jim va chiptasiz chiqarilar, tun chodiri ostida, oy nurida miltirayotgan toʻlqinlar ustida ularning yangi taqdiri yozilar edi.

Operatsiya miqyosi va natijalari

1984 yilning noyabri – huddi kinofilmlardja tasvirlanadigan tarzda dramatik tus olgan 8 hafta boshlanadi. Ochiq osmon, dengiz sohili va tun pardasi himoyasida yangi muhojirlarni joʻnatish tezlashtirildi. Bu vaqt ichida taxminan 14 000 falasha yahudiylari qutqarildi. Ular orasidagi qariyb 1500 nafar bolalarning tiyrak koʻzlari endi dunyoga yangi ishonch va umid bilan boqar, keksalarning ajinlarida esa tarixning yana bir yangi, ammo oʻta muhim qatlami chuqur iz boʻlib muhrlanar edi.

Har bir kema, har bir reys – bu nafaqat logistik, balki maʼnaviy jasorat ham edi. Ammo har qanday afsonada toʻsiqlar boʻladi. Operatsiya haqidagi xabarlar ommaviy axborot vositalari orqali tarqalib ketadi.

Natijada arab mamlakatlari Sudandan havo qatnovlarini toʻxtatishni talab qila boshladi. Shundan keyin sovet ittifoqi va Nimeyri boshchiligidagi Sudan hukumati Isroilning noqonuniy va ruxsatsiz josuslik amaliyotini tanqid qilib keskin bayonotlar bilan chiqishdi va 1985 yil 5 yanvarda mazkur operatsiya toʻxtatildi. Qolgan 800 nafar repatriant 1985 yil yanvar oyida AQSh vitse-prezidenti katta Jorj Bush yordamida, MRB ishlab chiqqan va amalga oshgan “Yexoshua” operatsiyasi doirasida Isroilga olib kelindi.

Koʻplab oilalar yana 7 yil davomida bir-birlari bilan topisha olmadi. Isroil tomonidan “Solomon” operatsiyasi oʻtkazilganidan keyingina ular qayta birlashish imkoniga ega boʻldilar. Bu operatsiya davomida 1991 yil 24 may kunidan boshlab 36 soat ichida havo orqali Habashistondan 14 mingdan ortiq repatriant evakuatsiya qilindi. Ular dengiz yoʻllari orqali olib chiqib ketildi.

Tarixdagi oʻrni va maʼnaviy ahamiyati

“Muso” – bu shunchaki Mossadning maxfiy operatsiyasi emas. Bu inson hayotining qadri, millatga chuqur hurmat va insonparvarlikning yuksak namunasi sifatida baholandi. U butun dunyoga bir haqiqatni koʻrsatdi: hatto sobiq istilochilarining oyogʻini oʻpishni va taʼzim qilishni toʻxtata olmayotgan, zehniyatidagi qullik tafakkuridan qutula olmayotgan boshqa ayanchli xalqlardan farqli oʻlaroq, yahudiylar oʻz millatdoshlari va dindoshlarini hech qachon falokat qarshisida yolgʻiz va himoyasiz tashlab qoʻyishmaydi! Hatto butun dunyo qarshi tursa-da, oʻz maqsadlariga erishmay qoʻymaydi.

Isroil uchun bu faqat geosiyosiy yutuq emas, balki yangi siyosiy-ruhiy yangilanish boʻldi. Falasha yahudiylari bugungi kunda mamlakatning ajralmas qismiga, tarixning tirik shohidlariga aylangan. Ular oʻzlarining hikoyalari bilan bugungi yoshlarga shunday saboq berishadi: “Xuddi tun ortidan albatta kun kelganidek, umid va duo ortidan albatta najot keladi!”

Xulosa: koʻrinmas frontdagi qahramonlar

“Muso operatsiyasi” – bu tarixning tilsiz qahramonlariga yozilgan madhiya. U yerda avtomat emas, aql va makkorlik jang qildi; zoʻravonlik emas, strategik fikr va tirishqoqlik ustunlik qildi. Bugungi kunda Isroildagi habashiston yahudiylar diasporasi aynan shu operatsiya tufayli tinch va qoʻrquvsiz yashab kelmoqda. Va eng muhimi – bu operatsiya faqat josuslar haqida emas, balki insoniylikka bagʻishlangan qissa boʻlib tarixga yozildi.

2007 yilda Quddusdagi Hersl togʻida Habashistondan Sudanga olib ketish jarayonida Isroilga yetib borishga urinayotgan paytda halok boʻlgan 4 ming nafar habashistonlik yahudiy xotirasiga bagʻishlab yodgorlik oʻrnatildi.

“Muso operatsiyasi”ni oʻrganib shunday xulosaga kelish mumkin: eng muhim janglar baʼzan front chizigʻida emas, balki oʻz millati va diniga sadoqat hamda jasorat bilan yoʻgʻrilgan, biroq begona koʻzlarga koʻrinmaydigan soʻqmoqlarda kechadi.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid