platina.uz
Jamiyat

Toshkent viloyatida xorijlik shaxs 14,5 kg narkotik modda bilan ushlandi

U chegarani qonunga xilof ravishda buzib oʻtgan. Soʻngra uning mahalliy sherigi ham ushlandi. 

Toshkent viloyatida xorijlik shaxs  14,5 kg narkotik modda bilan ushlandi

DXX Tojikistondan kontrabanda qilingan narkotik moddalarni toʻxtatib qoldi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara Qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan Xizmatning Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda bojxona idoralari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda 1986 y.t. Tojikiston Respublikasi fuqarosi “oʻzbek-tojik” davlat chegarasini qonunga xilof ravishda buzib oʻtgan vaqtida toʻxtatib qolindi.

Unga tegishli sumka koʻzdan kechirilganda, 15 dona oʻramdagi jami 14 kg 584 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shundan soʻng, ushbu ajal ogʻusini buyurtma qilgan shaxsni aniqlash yuzasidan tezkor tadbir davom ettirildi.

Natijada, Fargʻona viloyatining Toshloq tumanida yashovchi, 1969 y.t. Bekobod tumanida narkotik moddani qabul qilib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Boshqa holatda esa, Xizmatning Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar hamda bojxona organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Toshkent viloyatining Bekobod tumanida yashovchi, 1992 y.t. shaxs qoʻshni davlatdan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan 9 kg 467 gr “opiy” moddasini sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, tojikistonlik narkokurʼer tomonidan Surxondaryo viloyati hududidiga kontrabanda yoʻli bilan yetkazib berilgan mazkur ajal ogʻusini Denov tumanida yashovchi, 1994 y.t. fuqaro qabul qilib olib, Toshkent viloyatiga olib kelganligi aniqlandi va u ham protsessual tartibda ushlandi.

Qoʻqon shahrida qayd etilgan holatda, “Fargʻona-Qoʻqon” yoʻnalishida harakatlanayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi. Natijada unda yoʻlovchi sifatida harakatlanayotgan - Qoʻqon shahrida yashovchi, 1967 y.t. fuqaro oʻzining bel qismiga 1 kg 759 gr “gashish” moddasini yashirib olganligi aniqlandi.

Fargʻona shahrida kuzatilgan holatda esa, “Fargʻona-Toshloq” yoʻnalishi boʻylab harakatlanayotgan, 1995 y.t. shaxs boshqaruvidagi “Zaparojets” rusumli avtomashina toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, uning salon qismida 995 gr “gashish” moddasi borligi aniqlandi va tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Taʼkidlash lozimki, oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida ashyoviy dalil sifatida olingan jami 26 kg 805 gr giyohvandlik vositalari Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid