platina.uz
Iqtisod

Qurilish materiallari eksporti 1,2 mlrd dollarga yetkaziladi

Prezident “Shaffof qurilish” platformasida qurilish materiallari korxonalari reyestrini tashkil qilib, u orqali sifat nazoratini taʼminlash vazifasini qoʻydi.

Qurilish materiallari eksporti 1,2 mlrd dollarga yetkaziladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 may kuni qurilish materiallari sanoatidagi ishlar va asosiy vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Aholi soni oʻsib, urbanizatsiya kengayib borayotgani sifatli qurilish materiallariga talabni yildan yilga oshirayapti. Tarmoq shunga mos ravishda rivojlantirib borilmoqda. Koʻplab loyihalar amalga oshirilib, hozirgi kunda 10 mingga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda.

Bu yil birinchi chorakda ishlab chiqarish 8 foizga, eksport esa 11 foizga oʻsdi. Investitsiya dasturi doirasida 500 million dollarlik 9 ta yirik loyiha ishga tushdi. Dushanbe, Kobul va Filadelfiya shaharlarida “Oʻzbekiston savdo uyi” tashkil etildi.

Hali oldinda rejalar koʻp. Yil yakunigacha 2,4 milliard dollarlik 312 ta loyihani bajarib, 16 ming yuqori daromadli ish oʻrni yaratish, ishlab chiqarish miqdorini 53 trillion soʻmga, eksportni 1,2 milliard dollarga yetkazish moʻljallangan.

Taqdimotda mutasaddilar ushbu koʻrsatkichlarga erishish chora-tadbirlari yuzasidan axborot berdi.

Davlatimiz rahbari sohada sifat, tannarx va qurilish madaniyati eng dolzarb masala ekanini taʼkidladi. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etib, mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish, yurtimizdagi bunyodkorlik ishlarida ulardan kengroq foydalanish vazifalari koʻrsatib oʻtildi.

Bunga erishishda ilm-fan va amaliy ishlanmalar muhim. Shu maqsadda soha boʻyicha “R&D” tadqiqotlar markazi ochildi, Germaniyadan maslahatchi jalb qilindi.

Misol uchun, ariq va kanal yuzalari uchun oʻramli beton qoplamasi tayyorlash texnologiyasi boʻyicha ish boshlangan. Natijada betonlashga ketadigan vaqt va xarajat 10 foizga, suv sarfi 3-5 foizga kamayishi hisob-kitob qilingan.

Prezidentimiz geologiya va ilmga katta eʼtibor qaratib, ichki va tashqi bozorlar uchun yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar yetkazib berish zarurligini taʼkidladi. Energiya va resurs sarfi yuqori yoʻnalishlarni tahlil qilib, tejamkor innovatsion yechimlarni qoʻllash muhimligi qayd etildi.

Oʻtgan yili tarmoqdagi yirik korxonalar energiya auditidan oʻtkazilganda 300 million kilovatt soat iqtisod qilish imkoniyati aniqlangan. Bunday korxonalarda texnologiyani yangilash hamda ish tartibini oqilona tashkil etish orqali xarajatlarni kamaytirish mumkinligi aytildi.

“Shaffof qurilish” platformasida qurilish materiallari korxonalari reyestrini tashkil qilib, u orqali sifat nazoratini taʼminlash vazifasi qoʻyildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid