Oltita bankka nisbatan jarima qoʻllanildi
Bu haqda Markaziy bankning nazorat qoʻmitasi yigʻilishlarida qaror qabul qilingan.

Markaziy bank oltita bankka nisbatan jarima qoʻlladi.
Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi tomonidan 2025 yilning aprel oyidagi yigʻilishlarida (8 marta) 45 ta masala koʻrib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Xususan, roʻyxatga olish va ruxsat berish yoʻnalishida 26 ta masala, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish (4 ta), yangi ochilayotgan mikromoliya tashkilotlarini hisob roʻyxatidan oʻtkazish (5 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (1 ta) va banklarda audit oʻtkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish (1 ta), shuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini koʻrib chiqish (15 ta) bilan bogʻliq masalalar koʻrildi.
Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 19 ta masala – Markaziy bankning koʻrsatmalari va prudensial meʼyorlari talablarining bajarilishi, tijorat banklari va mikromoliya tashkilotlarida oʻtkazilgan inspeksiya natijalari ham muhokama qilindi.
Toʻlov tizimi operatori va toʻlov tashkilotlari tomonidan ustav kapitalining eng kam miqdorini shakllantirilishi hamda tashkiliy-huquqiy shaklini aksiyadorlik jamiyatiga oʻzgartirilishi boʻyicha qonunchilik talablariga rioya qilinmaganligi uchun 1 ta toʻlov tizimi operatori va 3 ta toʻlov tashkiloti chora hamda sanksiyalar qoʻllanilishi toʻgʻrisida ogohlantirildi.
Shuningdek, Markaziy bank tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish va inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklar hamda jismoniy shaxslarga bank hisobvaraqlari ochish va ularni roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha belgilangan talablar taʼminlanmaganligi uchun 6 ta bank, 3 ta lombard va 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qoʻllanildi, deyiladi xabarda.