Jahon banki Oʻzbekistonga 100 mln dollar ajratadi
Mablagʻ energetika tizimini isloh qilishga sarflanadi. Loyihada qayta tiklanuvchi energiya manbalari taqsimlash elektr tarmoqlariga integratsiya qilinadi.

Jahon banki Oʻzbekistonga 100 mln dollar ajratadi.
Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi Oʻzbekistonga qayta tiklanuvchi energiya manbalarini taqsimlash elektr tarmoqlariga integratsiya qilish va mamlakatning ustuvor hududlarida elektr taʼminoti ishonchliligini oshirishga qaratilgan dasturni amalga oshirish uchun 100 mln dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni maʼqulladi.
Dasturni amalga oshirish uchun “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ (“HET” AJ) oʻz mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha 50 mln dollar ajratadi. Jahon banki Oʻzbekistondagi faoliyati tarixida birinchi marta ushbu operatsiyani moliyalashtirish uchun “natijaga yoʻnaltirilgan dastur” deb nomlangan vositadan foydalanayotganini taʼkidlash lozim.
Ushbu vosita Bankning mijozlari boʻlgan mamlakatlardagi eng muhim davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun ishlatiladi.
Hozirda Oʻzbekiston energetika tizimi jiddiy muammolarga duch kelmoqda. 2024 yil holatiga koʻra, elektr energiyasini taqsimlashda texnik yoʻqotishlar taxminan 13 foizni tashkil etadi.
Asosiy sabab – eskirgan va yuklamasi oshib ketgan infratuzilma. Taqsimlash tarmoqlari obʼektlarining 50 foizdan ortigʻi 30 yildan ortiq ekspluatatsiya qilinmoqda, bu ularning normativ xizmat muddatidan ancha koʻproq boʻlib, avariyalar va elektr taʼminotidagi uzilishlarga olib keladi.
Oʻzbekiston 2030 yilgacha qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektroenergiya ishlab chiqarish hajmini 25 gigavattga (GVT) yetkazishni rejalashtirmoqda. Biroq, taqsimlash tarmoqlarini zudlik bilan modernizatsiya qilmasdan, qayta tiklanadigan energiyaning yangi yetkazib beruvchilarini ushbu tarmoqlarga ulash imkoni boʻlmay qoladi.
Bundan tashqari, Oʻzbekistonning energetika sektori katta tijorat yoʻqotishlari, shu jumladan koʻrsatilgan xizmatlar uchun qarzlar tufayli norentabel boʻlib qolmoqda. Bu davlat byudjetiga jiddiy bosim oʻtkazmoqda. Moliyaviy barqarorlikni oshirish uchun taqsimot tizimining operatsion va moliyaviy modellari isloh qilinmoqda. Bundan maqsad – rentabellikni oshirish va energiya tarmoqlari infratuzilmasini rivojlantirishga xususiy investitsiyalarni jalb qilish.
“Jahon banki tomonidan taqdim etilayotgan moliyalashtirish 2030 yilgacha Oʻzbekistonning taqsimlash infratuzilmasini modernizatsiya qilish va kengaytirish boʻyicha davlat dasturini amalga oshirishga hissa qoʻshish imkonini beradi. Hisob-kitoblarga koʻra, davlat dasturi doirasida jalb etilishi lozim boʻlgan investitsiyalarning umumiy hajmi qariyb 3 milliard dollarni tashkil etadi. Umid qilamizki, mamlakatning boshqa xalqaro hamkorlari va xususiy investorlar ham bizdan oʻrnak olib, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning energetika tarmogʻini rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaydilar”, – deya taʼkidladi Jahon bankining Markaziy Osiyo boʻyicha direktori Tatyana Proskuryakova.
Jahon banki va “HET” AJ tomonidan birgalikda moliyalashtiriladigan yangi dastur doirasida 150 million dollarni oʻzlashtirish rejalashtirilgan.
“HET” AJ kelgusi besh yil ichida ushbu mablagʻlarni muhim taqsimlash infratuzilmasini rivojlantirishga investitsiya qilishi mumkin. Dasturiy chora-tadbirlarning amalga oshirilishi qayta tiklanuvchi energiya manbalarining taqsimlash tarmoqlariga integratsiyalashuviga koʻmaklashadi hamda ustuvor hududlarda, shu jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Surxondaryo viloyatida elektr taʼminotining ishonchli boʻlishini taʼminlaydi.
Dastur doirasidagi asosiy chora-tadbirlarga quyidagilar kiradi:
- 6 000 km uzunlikdagi past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini qurish va modernizatsiya qilish;
-umumiy quvvati 250 megavolt-amper (MVA) boʻlgan 1 200 ta taqsimlash transformatorini almashtirish va oʻrnatish;
- “HET” AJ tarmoqlarida elektr energiyasining tijorat yoʻqotishlarini kamaytirishga yordam beradigan 150 000 ta “aqlli” hisoblagichlarni ulash;
- taqsimlash tarmoqlari faoliyatini avtomatlashtirish va raqamlashtirishni taʼminlash uchun 4 000 ta maʼlumotlar konsentratorini oʻrnatish, bu ularni zamonaviy va samarali tizimga aylantiradi.