Davlat OTMlari 2024 yilda qancha foyda koʻrgani maʼlum boʻldi
Daromadlarning 66,1 foizi yoki 7,9 trln soʻm toʻlov-kontrakt asosida oʻqiyotgan talabalar tomonidan toʻlangan mablagʻlardir.

Ochiqlangan maʼlumotlarga koʻra, 2024 yilda 72 ta davlat oliy taʼlim muassasalari (OTM) jami 11,95 trln soʻm daromad olgan. Bu haqda Pinkod nashri xabar bermoqda.
OTM daromadlarining 66,1 foizi yoki 7,9 trln soʻm qismini toʻlov-kontrakt asosida oʻqiyotgan talabalar tomonidan toʻlangan mablagʻlar tashkil etadi. Shuningdek, davlat byudjetiga oliy taʼlim muassasalariga jami 3,58 trln soʻm mablagʻ ajratilgan (bu jami tushumning 30 foiziga teng). Bundan tashqari, daromadlarning 3,9 foizi yoki 469,2 mlrd soʻm qismi rivojlantirish ishlari uchun sarflangan.
Eng koʻp daromad olgan OTMlar
Hisobotga koʻra, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 2024 yilda eng katta daromadga ega boʻlgan — 927,5 milliard soʻm. Bu koʻrsatkich bilan mazkur OTM respublikadagi barcha oliygohlar orasida yetakchi hisoblanadi. Uning sof daromadi esa 44,79 milliard soʻmni tashkil etgan.
Eng kam daromad koʻrgan OTM esa — “Sankt-Peterburg Davlat universiteti”ning Toshkent shahar filiali, u 2024 yilda bor-yoʻgʻi 2,4 milliard soʻm daromad olgan.
Top-10 davlat OTMlari (jami daromad boʻyicha):
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti — 927,5 mlrd soʻm
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti — 574,6 mlrd soʻm
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti — 475,9 mlrd soʻm
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti — 473,9 mlrd soʻm
Jizzax davlat pedagogika universiteti — 423,9 mlrd soʻm
Chirchiq davlat pedagogika universiteti — 398 mlrd soʻm
Fargʻona davlat universiteti — 389,5 mlrd soʻm
Urganch davlat universiteti — 363,9 mlrd soʻm
Buxoro davlat universiteti — 329,2 mlrd soʻm
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti — 327,9 mlrd soʻm
Eng koʻp sof daromad olgan davlat OTMlari:
2024 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga qoʻshib yuborilgan Toshkent moliya instituti esa sof daromad boʻyicha eng yuqori natijani qayd etgan — 165,96 milliard soʻm.
Hozirda faoliyat yuritayotgan OTMlar ichida esa Jizzax davlat pedagogika universiteti eng koʻp sof daromad olgan muassasa sifatida qayd etilgan — 76,17 milliard soʻm. Toʻliq roʻyxat:
Toshkent moliya instituti (hozirda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tarkibida) — 166,0 mlrd soʻm
Jizzax davlat pedagogika universiteti — 76,2 mlrd soʻm
Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti — 54,3 mlrd soʻm
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti — 44,8 mlrd soʻm
Shahrisabz davlat pedagogika instituti — 40,8 mlrd soʻm
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti — 38,3 mlrd soʻm
Termiz davlat pedagogika instituti — 31,6 mlrd soʻm
Chirchiq davlat pedagogika universiteti — 27,1 mlrd soʻm
Andijon davlat pedagogika instituti — 22,9 mlrd soʻm
Andijon davlat universiteti — 19,2 mlrd soʻm
Xarajatlar
2024 yil davomida OTMlar jami 11,4 trln soʻm miqdorida xarajat qilgan. Umumiy daromad va xarajat oʻrtasidagi farq +504,26 mlrd soʻmni tashkil etgan.
Biroq, 2024 yilni 12 ta OTM zarar bilan yakunlagan. Ularning ayrimlari daromadi yuqori boʻlgan universitetlar qatorida ham bor. Masalan, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Fargʻona davlat universiteti va Urganch davlat universiteti zarar koʻrgan OTMlar sirasiga kiradi.
Daromadga nisbatan koʻproq xarajat qilgan OTMlar:
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti — -36,99 mlrd soʻm
Samarqand davlat universiteti — -37,98 mlrd soʻm
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti — -37,92 mlrd soʻm
Navoiy davlat pedagogika instituti — -32,9 mlrd soʻm
Termiz davlat universiteti — -24,34 mlrd soʻm
Urganch davlat universiteti — -23,58 mlrd soʻm
Namangan davlat universiteti — -18,99 mlrd soʻm
Qarshi davlat universiteti — -16,79 mlrd soʻm
Buxoro muhandislik-texnologiya instituti — -13,6 mlrd soʻm
Samarqand davlat chet tillar instituti — -3,56 mlrd soʻm
Fargʻona davlat universiteti — -12,55 mlrd soʻm
Urganch davlat pedagogika instituti — -379,16 mln soʻm
Shuningdek, baʼzi OTMlar yil yakunida daromad va xarajat boʻyicha deyarli “nol” balans bilan chiqdi, yaʼni foyda ham, zarar ham deyarli boʻlmagan.
Avvalroq UzAuto Motors rekord foyda koʻrgani maʼlum boʻlgandi.