platina.uz
Jamiyat

Chiptalarni sunʼiy ravishda sotuvga chiqarmagan aviakompaniyalarga chora koʻriladi

Mahalliy qatnovlardagi narxlar "Uzbekistan airways" AJ va "Silk avia" aviakompaniyalari tomonidan qayta koʻrib chiqilmoqda. 

Chiptalarni sunʼiy ravishda sotuvga chiqarmagan aviakompaniyalarga chora koʻriladi

Chiptalarni sunʼiy ravishda sotuvga chiqarmay, narxlarga taʼsir koʻrsatgan aviakompaniyalarga chora koʻriladi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi xabar berdi.

Prezident topshiriqlariga asosan Raqobat qoʻmitasi tomonidan joriy yilning aprel oyida havo transportida yoʻlovchi tashish bozorida raqobat muhiti holatini yaxshilash, avia chipta narxlarini maqbullashtirish, avia tashish sohasida, shu jumladan ichki yoʻnalishlarda yoʻlovchi tashish hamda avia yoqilgʻi bilan taʼminlashda xususiy sektorni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish va teng shartlar yaratish boʻyicha takliflar kiritilgan.

Bugungi kunda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan avia chipta narxlarini barqarorlashtirish, ichki yoʻnalishlarga tegishli “havo erkinliklari” va boshqa ragʻbatlantiruvchi mexanizmlar asosida xususiy sektorni, shu jumladan xorijiy kompaniyalarni jalb qilish, mahalliy tashuvchilarga teng shartlarda subsidiya berish orqali mahalliy yoʻnalishlarda aholiga kengroq koʻlamda xizmat koʻrsatishni kengaytirish choralari koʻrilmoqda.

Joriy yilning may oyida Hukumatning tegishli qarori bilan barcha mahalliy tashuvchilarga ichki yoʻnalishlarda tashishlarning teng shartlarda subsidiya berish joriy etildi.

Shuningdek, mahalliy qatnovlarda aviachiptalarning narxlari "Uzbekistan airways" AJ va "Silk avia" aviakompaniyalari tomonidan qayta koʻrib chiqilib, pasaytirish choralari koʻrilmoqda.

Raqobat qoʻmitasi mahalliy va xalqaro parvozlarni amalga oshiruvchi yoʻlovchi tashuvchi kompaniyalar raqobatga yoki isteʼmolchilar manfaatlariga zid harakatlarni amalga oshirganida, shu jumladan sunʼiy ravishda chiptalarni savdoga chiqarmaslik holatlari aniqlanganda qonunchilikka asosan chora koʻrilishini bildiradi, deyiladi xabarda.

Avvalroq Uzbekistan Airways mahalliy yoʻnalishlarda yangi tariflar joriy etgandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid