platina.uz
Jamiyat

2 nafar ichki ishlar xodimi katta pora bilan ushlandi

Ulardan biri oldin ham IIB xodimi boʻlib ishlab, keyin boʻshatilgan, ammo negadir yana xizmatga qayta tiklangan.

2 nafar ichki ishlar xodimi katta pora bilan ushlandi

DXX Call-markaziga murojaat qilgan Toshkent viloyatida yashovchi fuqarodan viloyat ichki ishlar xodimining oʻz xizmat vakolatini suiisteʼmol qilgan holda korrupsion jinoyatlarni sodir etib kelayotgani xususida maʼlumotlar olindi.

Murojaatga koʻra, IIB xodimi Jinoyat kodeksining 210, 131, 135, 206, 207, 165-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergovda boʻlgan sobiq ichki ishlar xodimiga sud idoralaridagi tanishlari orqali yengilroq jazo tayinlanishida yordam berish evaziga uning yaqin qarindoshlaridan 20 ming AQSh dollari talab qilgan. 16 may kuni DXX va IIV tezkor boshqarmalari hamkorligida oʻtkazilgan faol tadbir davomida, IIB xodimi 1995 yilda tugʻilgan fuqaro “A.B.”dan 20 ming AQSh dollarini olgan vaqtida jinoyat ustida ushlandi.

Yana bir holatda 17 may kuni DXX tomonidan Bosh prokuratura xuzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti hamda IIV tezkor boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan faol tadbirda Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumani ichki ishlar xodimi Jinoyat kodeksining 103 va 112-moddalari bilan ayblanib, 8 yil 5 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan mahkumga jazo muddatini Toshkent shahar sudi mansabdor shaxslari imkoniyati orqali taftish instansiyasida kamaytirib berishni vaʼda qilib, mahkumni tanishi “N.N.”dan 24 ming AQSh dollari miqdorida pora olayotgan vaqtida jinoyat ustida ushlandi.

Tadbir jarayonida uning yonidan advokatlik va hakamlik sudi sudyasi guvohnomalari hamda IIVning lavozimga tayinlash toʻgʻrisidagi buyrugʻi nusxasi topildi.

Taʼkidlash kerakki, ushbu xodim 2014 yilga qadar ichki ishlar idoralarida ishlab, 2022 yildan esa advokatlik faoliyati bilan shugʻullanib kelgan. Joriy yilning aprel oyida unga yana bir bor imkoniyat berilib, ichki ishlar idoralariga qaytadan tiklangan. Afsuski, ishga tiklanganiga 2 oy boʻlmagan bu xodim korrupsion harakatlarni takroran sodir etgan.

Har ikki holat yuzasidan taqdim etilgan materiallar asosida Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi va 28, 211-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid