“Navoiy kon-metallurgiya kombinati”ning uch xodimi qoʻlga olindi
Ular tarkibida koʻp miqdorda oltin boʻlgan ogʻirligi 2 kg yarim tayyor mahsulotni zavod ichidagi havo tozalash quvuriga yashirib qoʻyishgan.

“Oltin ilinji”dagi zavod xodimlarining noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Shimoliy kon boshqarmasiga qarashli 3-sonli Gidrometallurgiya zavodida faoliyat yurituvchi 2 nafar smena ustasi va 1 nafar boʻlinma apparatchisi oson boylik ortirish niyatida oʻzaro oldindan til biriktiradi.
Ular kelgusida talon-toroj qilish maqsadida tarkibida koʻp miqdorda oltin moddasi mavjud boʻlgan ogʻirligi 2 kg yarim tayyor mahsulotni zavod ichidagi havo tozalash quvuriga yashirib qoʻyishadi.
DXXning Navoiy viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Oltin ilinji”dagi ushbu shaxslarning noqonuniy harakatlariga nuqta qoʻyildi.
Tegishli xulosaga koʻra, mazkur yarim tayyor mahsulot tarkibida jami 1 kg 523 gramm sof oltin borligi aniqlanib, uning bahosi 2 mlrd 102 mln soʻmni tashkil etadi.
Holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25, 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.