Bogʻcha va maktablar oldiga 30 tezlikka radar qoʻyiladi
Platina.uz yoʻldagi beboshliklar va bevaqt oʻlimlar mavzusini koʻtarib, YHXX rahbariga ochiq xat yozgandi.

Ichki ishlar vazirligi 2025 yil 1 sentabrga qadar joylardagi oʻrganishlar asosida yoʻllar boʻyida joylashgan maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlari atrofida soatiga 30 kilometrdan oshirmasdan harakatlanish mumkinligini koʻrsatuvchi yoʻl belgilari va bunga qatʼiy rioya etishni taʼminlovchi maxsus texnika vositalarini oʻrnatish boʻyicha barcha zarur choralar koʻradi.
Bosh vazir Abdulla Aripov 2025 yil 15 may kuni “Transport vositalaridan foydalanishda aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.
Ammo maktab va bogʻcha atrofidagi yoʻllarda belgilangan tezlik chegarasini dam olish kunlari, taʼtil davrlari va 19:00 dan 07:00 vaqt oraligʻida ushbu aholi punkti uchun ruxsat etilgan umumiy tezlik chegarasigacha oshirib harakatlanishga ruxsat beriladi.
IIV ikki oy muddatda yoʻl harakati qoidalariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
6 oy muddatda Transport vazirligi bilan birgalikda transport vositalari haydovchilari tomonidan belgilangan harakat tezligini oshirib yuborish holatlari koʻplab kuzatilayotgan hududlarda transport vositasining joriy tezligini koʻrsatuvchi ogohlantiruvchi elektron tablolar oʻrnatiladi. Bu amaliyot keyinchalik har yil yakuni boʻyicha tasdiqlanadigan dasturga koʻra boshqa hududlarda amalga oshiriladi.
Yoʻl harakati qoidalarini buzish bilan bogʻliq holatlarni maxsus texnika vositalari orqali qayd etish sohasida qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etilishi taʼminlanadi.
Shuningdek. Transport, Raqamli texnologiyalar vazirliklari, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, “Kiberxavfsizlik markazi” DUK va mahalliy hokimiyat organlari, boshqa masʼul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat tarkibda komissiya tuzgan holda 2025 yil yakuniga qadar chorraha va yoʻllardagi barcha maxsus texnika vositalari ularning maqsadga muvofiq oʻrnatilgani va belgilangan talablarga muvofiqligi nuqtai nazaridan toʻliq xatlovdan oʻtkaziladi.
Xatlov natijalari boʻyicha oʻzboshimchalik bilan yoki belgilangan tartibga rioya etmagan holda oʻrnatilgan, texnik va standart talablarga javob bermaydigan, shuningdek, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish maqsadiga erishishga koʻmaklashmaydigan maxsus texnika vositalari demontaj qilinadi.
Yana bir xabar, endi tuman va shahar hokimliklari huzurida yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmalari tashkil etilib, ularning mablagʻlari faqat yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish uchun maqsadli sarflanishi aytilgan.
Eslatib oʻtish kerak, ushbu qaror imzolanishidan salkam bir oy oldin Platina.uz ushbu ogʻriqli masalani koʻtarib, aytarli yechim bermayotgan Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati boshligʻiga ochiq xat yozgandi.