Yoʻl taʼmirlash ishlarini kunduzi olib borishga ruxsat berilmaydi
Soat 23.00 dan 06.00 ga qadar avtobuslar uchun alohida ajratilgan tasmalarda boshqa transport vositalarining harakatlanishiga ruxsat berilmoqda.

1 iyundan boshlab shaharlar avtomobil yoʻllarida taʼmirlash yoki yoʻl chiziqlarini chizish bilan bogʻliq ishlarni soat 07.00 dan 21.00 ga qadar amalga oshirishga (dam olish kunlari, shuningdek, kechiktirib boʻlmaydigan alohida holatlar bundan mustasno) yoʻl qoʻyilmaydi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarorida aytiladi.
Taʼmirlash va yoʻl chiziqlarini yangilash ishlari endi kunduzi emas, faqat kechasi — yoʻllardagi harakat kamaygan vaqtda amalga oshiriladi.
Bu oʻzgarish fuqarolarning kundalik ishga borish-kelish, farzandini maktabga olib borish yoki shifoxonaga yetib olishni osonlashtirish bilan bir qatorda, tirbandliklar yuzaga kelishini oldini oladi.
Shuningdek, joriy yil 1 sentabrdan boshlab harakat tezligini nazorat qilishga moʻljallangan har qanday turdagi statsionar va mobil radarlar joylashgan hududda va ungacha kamida 250 metrdan kam hamda 500 metrdan koʻp boʻlmagan hududda “Radar” yoʻl belgisining oʻrnatilishi majburiy boʻladi.
Qaror imzolangan kundan boshlab qator yengilliklar joriy qilinadi.
Xususan, soat 23.00 dan 06.00 ga qadar yoʻnalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmalarda boshqa transport vositalarining harakatlanishiga ruxsat berildi.
Avtobuslar harakati uchun ajratilgan, yaʼni "A" harfli tasmalarda boshqa transport vositalarining harakatlanishi hozirda taqiqlangan. Soat 23:00 dan boshlab deyarli barcha avtobus yoʻnalishlari oʻz ishini tugatishini hisobga olib hamda qoʻshimcha qulaylik yaratish maqsadida boshqa transport vositalarining tungi paytda, soat 6:00 ga qadar ushbu tasmalarda harakatlanishi mumkin boʻladi va bu qoidabuzarlik hisoblanmaydi.
“Toʻxtash taqiqlangan” va “Toʻxtab turish taqiqlangan” yoʻl belgilarining maqsadga muvofiq oʻrnatilganligi nuqtai nazaridan toʻliq qayta koʻrib chiqilishi belgilandi.
Zarurat boʻlmagan joylarda oʻrnatilgan yoʻl belgilari demontaj qilinadi, ularning amal qilish vaqtini koʻrsatuvchi qoʻshimcha axborot belgilari oʻrnatiladi.
Qaror bilan shu belgilarda koʻrsatilgan amal qilish vaqtidan tashqari paytda transport vositalarining tegishlicha toʻxtashi hamda toʻxtab turishiga ruxsat berildi. Masalan, "Toʻxtab turish taqiqlangan" belgisining tagida amal qilish vaqti soat "7.00 - 21.00" deb koʻrsatilgan boʻlsa, transport vositalari ushbu belgi hududida soat 21.00 dan 7.00 ga qadar bemalol toʻxtab turishlari mumkin boʻladi.