Qozogʻistonda shoir Chori Avaz xotirlandi
Ijodiy kechada ikki qardosh xalq vakillari shoirning sheʼrlaridan parchalar oʻqib, uning ijodiy merosi va hayot yoʻli haqida fikr-mulohazalar bildirishdi.

Qozogʻistonda Chori Avaz ijodiga bagʻishlangan adabiy-maʼrifiy kecha boʻlib oʻtdi.
Pushkin nomidagi Sharqiy Qozogʻiston viloyat kutubxonasida oʻzbek poeziyasining yirik namoyandasi, soʻz sanʼatida abadiyatga daxldor ijod qilgan atoqli shoir — Chori Avaz ijodiga bagʻishlangan adabiy-maʼrifiy kecha tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Oʻzbekistondan mehmonlar ishtirok etdi. Ular orasida shoirning rafiqasi, taniqli shoira Zebo Omonova, “Favvora” kinostudiyasi rahbari, Chori Avaz haqidagi hujjatli film muallifi Keldiyor Xoʻjayorov, “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri Sirojiddin Rauf, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi, shoirning qizi Guli Nigor Avazova va nabirasi Mehri Nigor bor edi.
Mehmonlarni kutubxona direktori Nazimgul Ernazar qizi, shoir Askerxon Aktay, direktor oʻrinbosari Meruert Kemesheva hamda adabiyot ixlosmandlari iliq kutib olishdi.
Kechada ikki qardosh xalq vakillari shoirning sheʼrlaridan parchalar oʻqib, uning boy ijodiy merosi va hayot yoʻli haqida fikr-mulohazalar bildirishdi.