"Estelle" goʻzallik salonida mijoz yuzini kuydirib oldi
Salon tomonidan tibbiy litsenziya talab qilinadigan kosmetologik xizmatlar hech qanday tegishli ruxsatnomalarsiz amalga oshirilgan.

“Estelle” goʻzallik saloniga mijozning yuz terisini kuydirib qoʻygani uchun tegishli chora koʻrildi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi xabar berdi.
Raqobat qoʻmitasiga fuqarodan “ENVIRON PG” MChJga tegishli “Estelle” goʻzallik salonida amalga oshirilgan “sariq piling” natijasida uning yuz terisining asosiy qismi (taxminan 80 foizi) qattiq kimyoviy koʻyishga uchraganligi va bu holat ogʻir davolash jarayoni hamda moliyaviy yuklamalarga sabab boʻlganligi haqida murojaat kelib tushgan.
Qoʻmita tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish va tahlil ishlari natijasida qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Xususan:
-“Estelle” goʻzallik saloni tomonidan tibbiy litsenziya talab qilinadigan kosmetologik xizmatlar hech qanday tegishli ruxsatnomalarsiz amalga oshirilgani;
- piling xizmati koʻrsatgan xodimning oliy tibbiy maʼlumotga egaligi tasdiqlanmagani;
-koʻrsatilgan protseduralar belgilangan sifat va xavfsizlik standartlariga javob bermasligi maʼlum boʻldi.
Jabrlanuvchi koʻrgan ogʻir oqibatlar va “Estelle” goʻzallik saloni faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 190-moddasi — litsenziya yoki boshqa ruxsatnoma talab qilinadigan faoliyatni tegishli hujjatlarsiz amalga oshirish alomatlari mavjudligi inobatga olingan holda, Qoʻmita tomonidan toʻplangan hujjatlar belgilangan tartibda huquqiy baho berilishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborildi.
Raqobat qoʻmitasi tibbiy litsenziyasiz tibbiy xizmatlarni, xususan kimyoviy piling kabi murakkab kosmetologik protseduralarni amalga oshirish nafaqat qonunbuzarlik, balki isteʼmolchilar sogʻligʻi va xavfsizligiga nisbatan masʼuliyatsiz munosabat sifatida baholanishini eslatgan.