Prezident poytaxt bosh rejasi taqdimoti bilan tanishdi
Unga koʻra, 2030 yilgacha 100 kilometr kanallar rekonstruksiya qilinib, atrofida sayilgohlar tashkil etiladi.

Toshkent shahrining 2045 yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan bosh rejasiga koʻra, poytaxt hududi 3 ta – konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratilgan. Jumladan, renovatsiya zonasiga eski, kam qavatli uylar, shaharsozlik va zilzilabardoshlilik talablariga javob bermaydigan binolar kiritilgan. Ular bosqichma-bosqich bartaraf etilib, boʻshatilgan hudud zamonaviy loyihalar asosida qaytadan qurilishi koʻzda tutilgan.
Shavkat Mirziyoyev 14 may kuni renovatsiya va investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Bosh rejada 300 dan ortiq renovatsiya manzili belgilangan. 2025-2026 yillarga moʻljallangan birinchi bosqichda 65 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu orqali mazkur hududlar funksional jihatdan boyitiladi, aholi uchun sharoitlar yaxshilanadi, atrof obodonlashtiriladi. Natijada eski va zamonaviy mavzelar orasidagi tafovut bosqichma-bosqich qisqartirib boriladi hamda ular oʻzaro uygʻunlashtiriladi. Binolar kam maydonda qurilib, mavjud daraxtlar saqlab qolinadi, yangi yashil hududlar barpo etiladi.
Davlat rahbari bu loyihalarning shahar arxitekturasi va infratuzilmasiga mosligini chuqur oʻrganish, geologik va seysmik tahlillar asosida xavfsizlik jihatidan takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Turar joylar maktab-bogʻcha kabi ijtimoiy muassasalar, dam olish sharoitlari bilan hamohang boʻlishi zarurligini taʼkidladi.
Shaharning “oʻpkasi” daraxtzorlar boʻlsa, ariq va kanallar uning “qon tomiri”. Yangi bosh rejada bu masalalarga alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, Toshkent shahri va uning atrofidagi yashil hududlarni 3 karra koʻpaytirib, 25 ming gektarga yetkazish maqsad qilingan.
Taqdimotda shahar irrigatsiya va drenaj tarmoqlarining yangi bosh reja bilan uygʻunlashtirilgan tizimi ham koʻrib chiqildi. Unga koʻra, 2030 yilgacha 100 kilometr kanallar rekonstruksiya qilinib, atrofida sayilgohlar tashkil etiladi.
Turkiyaning Su-yapi engineering and consulting kompaniyasi bilan birga drenaj tarmoqlaridagi muammolar oʻrganilgan. Aerofoto, geodeziya va yogʻingarchilik tahlili asosida bu tarmoqlarni yangilash boʻyicha master-reja ishlab chiqilgan. Oʻtgan yili 45 ta suv toshqini hududlari bartaraf etilgan. Bu yil yana 34 ta joyda shunday ishlar bajariladi.
Prezident bu ishlarni davom ettirib, qamrovini yanada oshirish, shu yoʻnalishda mutaxassislar tayyorlash zarurligini taʼkidladi.