Hududlar ishlab chiqarish sanoatining raqobat reytingi eʼlon qilindi
Birinchi guruhdan qayta ishlash sanoati yuqori darajada diversifikatsiyalashgan va raqobat ustunligiga ega boʻlgan Toshkent shahri, Fargʻona va Namangan viloyatlari joy oldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan 2024-yil uchun hududlar qayta ishlash sanoatining diversifikatsiya va raqobat ustunligi reytingi yangilandi.
Ushbu reyting hududlarning ishlab chiqarish sanoati salohiyati va raqobatbardoshligini baholashga qaratilgan. 2024-yil Oʻzbekistonda qayta ishlash sanoati mahsulotlarining hajmi 753,6 trln. soʻmni tashkil etdi. Bu 2023-yildagiga nisbatan 7,7 foiz yuqori. Sohaning YaIMdagi ulushi 2023-yildagi 19,4 foizdan 2024-yilda 20,2 foizga, investitsiyalar tarkibidagi ulushi esa 28,6 foizdan 29,3 foizga ortishi iqtisodiy islohotlar va transformatsiya jarayoni natijasidir.
Reyting natijalari:
Reyting ishlab chiqarish sanoatining diversifikatsiya va lokalizatsiya koʻrsatkichlari asosida baholanib, bunda Xerfindal-Xirshman indeksi (HHI) va Aniqlangan qiyosiy ustunlik (Revealed Comparative Advantage (RCA)) indeksidan foydalanildi.
Tahlil natijalariga koʻra, hududlar 3 guruhga boʻlindi:
I guruhdan qayta ishlash sanoati yuqori darajada diversifikatsiyalashgan va raqobat ustunligiga ega boʻlgan Toshkent sh., Fargʻona va Namangan viloyatlari joy oldi. Ushbu hududlarning oʻziga xos xususiyati ishlab chiqarishning diversifikatsiylashgani (HHI = 818 - 1447) hamda tarmoqlarning aksariyat qismi (oʻrtacha 30 foizdan yuqori) raqobat ustunligi boʻyicha yetakchi oʻringa ega ekanligidir.

II guruhga ishlab chiqarish sanoati oʻrta darajada diversifikatsiyalashgan va raqobat ustunligi oʻrtacha boʻlgan Samarqand, Sirdaryo, Qashqadaryo, Toshkent, Xorazm, Surxondaryo viloyatlari (jami hududlarning 42 foizi) kirgan. Bunda ishlab chiqarish sanoatining diversifikatsiya koeffitsiyenti oʻrtacha koʻrsatkichga (HHI = 1525- 2431), raqobat ustunligiga ega yetakchi tarmoqlarning ulushi esa oʻrtacha 22 foizga teng boʻlgan.
III guruhga raqobat ustunligi darajasi nisbatan past boʻlgan hududlar – Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Andijon, Navoiy viloyatlari kirdi. Ularning ishlab chiqarish sanoati diversifikatsiyalashuvi nisbatan past (HHI = 2514 - 6310), yaʼni 1-2 ta sohaga yuqori darajada bogʻliq (ishlab chiqarish sanoatidagi ulushi 60 foizdan yuqori). Shuningdek, raqobat ustunligiga ega tarmoqlar cheklangan.
2024-yil yakunlariga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi (HHI 2023-yildagi 3145 dan 2024-yilda 2514 ga yaxshilangan), Andijon (4761 dan 3820 ga), Buxoro (3293 dan 2590 ga) va Surxondaryo (2886 dan 2285 ga) viloyatlarida ishlab chiqarish sanoatida diversifikatsiya darajasi sezilarli oʻzgargan. Namangan viloyati (1604 dan 1447 ga) sanoatidagi ijobiy oʻzgarishlar tufayli oʻrta darajali guruhdan yuqori darajali guruhga oʻtdi.
Tahlillar shuni koʻrsatadiki, mamlakatimizda sanoatni rivojlantirishda joylarda mavjud salohiyat va zaxiralardan oqilona foydalanish, yangi tayanch nuqtalarini yaratish raqobat ustunligini barqarorlashtirish va hududlar oʻrtasidagi tafovutni kamaytirishda yordam beradi. Shu bilan birga, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida mahalliy xomashyo bazasidan samarali foydalanish, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, sanoatning “drayver” sohalarini rivojlantirish va hududlarning sanoat salohiyatini toʻliq ishga solish koʻzda tutilgan.
Umuman olganda, hududlar qayta ishlash sanoatining diversifikatsiya va raqobat ustunligi reytingi mamlakatimizda hududlarining sanoat salohiyati va raqobatbardoshligini baholash uchun muhim vosita boʻlib xizmat qiladi. Ushbu reyting natijalari hududlarning iqtisodiy rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish va investitsiyalarni jalb qilishda foydali boʻlishi mumkin.