platina.uz
Siyosat

Shavkat Mirziyoyev JSTga aʼzolikni jadallashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi

Qonunchilikni tashkilot talablariga moslashtirish doirasida 15 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish jarayonini jadallashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Shavkat Mirziyoyev JSTga aʼzolikni jadallashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 may kuni Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayoni va uni jadallashtirish chora-tadbirlari boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.

Davlat rahbarining alohida nazorati asosida 2023 yildan boshlab JSTga aʼzo boʻlish choralari koʻrilmoqda. Oʻtgan davrda koʻp va ikki tomonlama muzokaralarda muayyan natijalarga erishildi.

Jumladan, Ishchi guruhining toʻrtta muhim yigʻilishi oʻtkazilib, 500 dan ortiq masalalar koʻtarildi, 30 dan ziyod rasmiy hujjatlar JST Kotibiyatiga taqdim etildi. Aʼzolikni jadallashtirish maqsadida sohalarda tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, ikki tomonlama muzokaralar doirasida 33 ta mamlakat bilan bozorga kirish boʻyicha muzokaralar olib borilib, bugungi kunga qadar 24 tasi bilan muzokaralar yakunlandi.

JST aʼzolari bilan muloqotda yangi yondashuv va islohotlar natijalari ijobiy baholanmoqda. Bu oʻz navbatida Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayonida ochiqlik, shaffoflik va adolatli savdoga boʻlgan qatʼiy intilishini tasdiqlaydi.

Shu maʼnoda, milliy qonunchilikni tashkilot talablariga uygʻunlashtirish doirasida keng koʻlamli huquqiy va institutsional islohotlar amalga oshirildi. Xususan, 13 ta qonun, Prezidentning 10 ta farmon va qarori, 19 ta Vazirlar Mahkamasi qarorlari va 10 ta idoralararo normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.

Jumladan, bojxona tartibotlari, eksport-import qoidalari hamda intellektual mulk sohasidagi mexanizmlar bosqichma-bosqich JST standartlariga moslashtirildi, davlat ulushi mavjud boʻlgan 6 ta korxonada eksklyuziv huquqlar bekor qilindi.

Yigʻilishda davlatimiz rahbari tomonidan JSTga aʼzo boʻlish jarayonini jadallashtirish hamda uni sifatli va tizimli tashkil etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Unga koʻra, joriy yilda qolgan 9 ta mamlakat bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash, Ishchi guruhining 2 ta yigʻilishini oʻtkazish hamda Ishchi guruhning hisobot loyihasini yakunlash orqali Oʻzbekistonning JST doirasidagi majburiyatlarini toʻliq shakllantirish vazifalari aniq belgilab berildi.

Shuningdek, qonunchilikni tashkilot talablariga moslashtirish doirasida 15 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish jarayonini jadallashtirish zarurligi taʼkidlandi. Jumladan, “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi toʻgʻrisida”, “Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari toʻgʻrisida" yangi tahrirdagi qonunlarni qabul qilishni tezlashtirish hamda bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan yaqindan va samarali hamkorlikni taʼminlash Prezident tomonidan muhim vazifa sifatida belgilab berildi.

Texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya, fitosanitariya va veterinariya sohalarini isloh qilish, ushbu yoʻnalishlarda kadrlar tayyorlash sifatini oshirish kerakligi alohida qayd etib oʻtildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid