"Dunyodagi eng qashshoq prezident" vafot etdi
Muxika 1935 yil Montevideoda tugʻilgan va 2009 yilda Urugvay prezidenti etib saylangan. U juda kamtarona hayot tarzi bilan mashhur edi.

Urugvayning sobiq rahbari, tejamkor turmush tarzi uchun dunyoning eng qashshoq prezidenti nomini olgan Xose Muxika 89 yoshida vafot etdi.
“Biz oʻrtoq Pepe Muxikaning vafoti haqida chuqur qaygʻu bilan maʼlum qilamiz”, deb yozdi Urugvay prezidenti Yamandu Orsi X ijtimoiy tarmogʻida.
"Sizni juda sogʻinamiz. Bizga bergan barcha narsangiz va xalqimizga boʻlgan buyuk mehringiz uchun sizga rahmat", - deya qoʻshimcha qildi u.
Muxika 1935 yil 20 mayda Montevideoda tugʻilgan va 2009 yilda Urugvay prezidenti etib saylangan. Muxika 90 yoshga toʻlishidan bir necha kun oldin vafot etgan.
Yoshligida, 1960-1970-yillarda u Kuba inqilobi gʻoyalaridan ilhomlangan, hokimiyatga qarshi kurashda partizan usullarini qoʻllagan “Tupamaros” chap qanot radikal harakati safida kurashgan.
U janglarda olti marta yaralangan va 14 yil qamoqda oʻtirgan. Muxika jazo muddatining koʻp qismini bir kishilik kamerada oʻtagan. U 1985 yilda, Urugvayga demokratiya qaytganida ozodlikka chiqdi.