Adliya vazirligi huzuridagi agentlik rahbari oʻrinbosari va bosh mutaxassis 850 mln soʻmga yaqin pulni talon-toroj qildi
Ular pasport oʻqish uskunasini sotib olish uchun ajratilgan davlat mablagʻlarini rastrata yoʻli bilan oʻzlashtirishgan.

2025 yil 6 may kuni Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining taftish instansiyasida sudlanuvchi R.M.ga oid ish koʻrib chiqildi. Sud ishi nusxasi Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Maʼlum boʻlishicha, R. M. Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligi (Vazirlar Mahkamasi huzuridagi sobiq Davlat personallashtirish markazi) maʼmuriy va xoʻjalik ishlari boʻlimi bosh mutaxassisi lavozimida ishlagan. Unga nisbatan avval 1 yil muddatga moddiy javobgarlik va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda ish haqining 30 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
R.M. Adliya vazirligi huzuridagi personallashtirish agentligi boshligʻi birinchi oʻrinbosari N.N. bilan til biriktirgan. Jumladan, markazning “Xoʻjalik shartnomalarini koʻrib chiqish va xulosa berish komissiyasi”ning bayonnomasiga muvofiq, markaz uchun 100 dona “Desco” rusumli pasportni oʻqish uskunasini sotib olish boʻyicha boshlangʻich narxni pasaytirish uchun oʻtkaziladigan auksion yuzasidan eʼlon joylashtirilgan. Ular shartnomadagi tovarning oʻziga xos xususiy parametrlarini ifodalovchi shartlari, shu jumladan texnik topshirigʻi oʻzgartirib, oʻrtacha bozor narxi 8 292 740,5 soʻmni tashkil qiluvchi (Standartnыy SMARTCARD schitыvatel ISO/IEC7501) “Desco” rusumli pasport oʻqish uskunasini qabul qilishib, jami 845.805.950 soʻm miqdoridagi davlat mablagʻlarini rastrata qilish yoʻli bilan talon- toroj qilishgan.
Hukm boʻyicha N.N. ham sudlangan boʻlib, undan shikoyat va protest kelib tushmagan.
Sudlangan R.M. shikoyatida, birinchi instansiya sudi unga nisbatan shubha va gumonga tayangan holda asossiz jazo tayinlagani, unga qoʻyilgan ayb ishonchga sazovor va rad etib boʻlmaydigan dalillar bilan oʻz isbotini topmaganligini hamda toʻplangan dalillar nomaqbul ekanligini maʼlum qilib, oqlov soʻragan. Biroq yuqori instansiya oʻrganish va dalillarga asoslanib, hukmni oʻzgartirishga asos topmagan.
Yakuni hukmga koʻra, avvalgi hukmlar oʻzgartirishlarsiz qoldirildi.
Sud ishi oliy sud portalidan olindi.