platina.uz
Siyosat

XDP oʻzini muxolifat deb eʼlon qildi

Partiya parlamentda koʻpchilikni tashkil etuvchi "Taraqqiyot bloki"ning ayrim tashabbuslariga qoʻshila olmasligini bildirgan. 

XDP oʻzini muxolifat deb eʼlon qildi

Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi oʻzini muxolifat deb eʼlon qildi.

Avval oʻng partiyalar oʻz dasturiy maqsad va vazifalarining yaqinligidan kelib chiqqan holda parlamentdagi koʻpchilik – “Taraqqiyot bloki”ni tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilgandilar.

XDP "mazkur blokning tuzilishiga eʼtiroz bildirmagan holda uning ustuvor vazifalari, shuningdek hukumat dasturi va faoliyatining ayrim yoʻnalishlariga qoʻshila olmasligini" bildirgan.

Xususan:

– iqtisodiyotda davlat ishtiroki, strategik ahamiyatga ega kompaniyalar ustidan davlat nazoratini saqlab qolishga eʼtiborning kamligi, ularni xususiylashtirish qonun darajasida taqiqlanmaganligi;

– raqobatbardosh va bozor mexanizmlari orqali boshqariladigan pensiya tizimiga oʻtish zaruriyatining mavjudligi;

– kommunal toʻlovlari (gaz, elektr va boshqalar) masalasida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qoʻllab-quvvatlashning istiqbolga moʻljallangan aniq strategiyasi ishlab chiqilmaganligi;

– ulushdorlik asosida uy-joy qurish boʻyicha fuqarolar ulushlarini himoya qilish va kafolatlash tizimining hanuzga qadar yaratilmaganligi;

– aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq tizimi joriy etilmaganligi (koʻp mablagʻ topgan, koʻp toʻlashi lozim tamoyilini qoʻllash lozim), shu jumladan qimmatbaho mol-mulk uchun soliqning (hashamat soligʻi) joriy etilmaganligi;

– farmatsevtika sohasida davlat nazorati sustligi, mahalliy va xorijiy dori vositalari uchun eng yuqori cheklangan narxlar belgilanmaganligi, shu jumladan dori vositalarining reklamasi taqiqlanmaganligi kabi bir qator masalalar partiya elektorati manfaatlariga zid deb xisoblanmoqda.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida boshqa soʻl partiyalar, sotsial-demokratiya gʻoyalari tarafdorlari bilan birgalikda tashabbus qilingan parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlarini kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilindi.

Mazkur qonun oʻzini parlamentdagi muxolifat deb eʼlon qilgan siyosiy partiya fraksiyasi uchun kengaytirilayotgan huquq va imkoniyatlardan toʻlaqonli foydalanishni kafolatlaydi.

Qonunchilikka muvofiq hukumatning tutgan yoʻli va dasturiga yoki uning ayrim yoʻnalishlariga qoʻshilmaydigan siyosiy partiyalar fraksiyalari oʻzlarini muxolifat deb eʼlon qilishi mumkin.

Shu bois, partiya elektorati ovozini parlament va hukumatga yetkazish, ularning manfaatlarini samarali himoya qilish, mamlakatda kuchli ijtimoiy siyosat yuritishni davom ettirish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi oʻzini parlamentdagi muxolifat fraksiyasi, deb eʼlon qildi

XDP parlamentdagi muxolifat fraksiyasi sifatida quyidagi vazifalarni amalga oshirishni muhim deb xisoblaydi:

– qonun loyihalari va parlament muhokamasidagi dolzarb masalalar boʻyicha oʻz saylovoldi dasturimiz maqsadlaridan kelib chiqqan holda qatʼiy siyosiy pozitsiyamizni bildirib borish;

– hukumat va parlamentdagi koʻpchilikning taklif hamda tashabbuslarini tanqidiy koʻrib borish, ular yuzasidan oʻz munosabatlarimizni bildirib borish;

– hukumat va parlamentdagi koʻpchilik tomonidan parlamentga kiritilgan qonun loyihalari boʻyicha zarur deb koʻrilgan holda muqobil qonun loyihalarini ishlab chiqish va kiritib borish;

– iqtisodiy va ijtimoiy masalalar boʻyicha hukumat harakat dasturi ijrosini tanqidiy baholash va oʻz nuqtai nazarimizni bildirish;

– parlament nazorati vositalaridan samarali foydalanish, shu jumladan qabul qilingan qonunlarning huqumat tomonidan soʻzsiz ijro etilishi, qonun loyihalarini parlamentga oʻz vaqtida va sifatli kiritilishi, qonunlar ijrosi uchun zarur boʻlgan qonun osti hujjatlarining oʻz vaqtida qabul qilinishini taʼminlash ustidan taʼsirchan nazorat olib borish.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid