Rasman: Oʻzbekiston va Xitoy oʻzaro vizasiz rejim joriy etmoqda
Vizasiz rejim 2025 yil 1 iyundan eʼtiboran kuchga kiradi. U mehnat faoliyati, oʻqish va media faoliyati bilan shugʻullanish kabilarga tatbiq etilmaydi.

Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida oʻzaro vizadan ozod qilish toʻgʻrisidagi hukumatlararo Bitim (Chendu, 2024 yil 1 dekabr) kuchga kirishi uchun davlat ichki protseduralari tugallandi. Bu haqda Oʻzbekiston TIV xabar berdi.
Koʻrsatilgan xalqaro shartnomaning qoidalariga binoan, Bitim 2025 yil 1 iyundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Bitim Oʻzbekiston va Xitoy fuqarolarining ikki davlat hududiga oʻzaro vizasiz safarlariga doir masalalarni tartibga soladi.
Bitimga muvofiq, Tomonlar davlatlari fuqarolari ikki davlat hududlariga kirish, undan chiqish yoki tranzit qilish uchun har bir alohida boʻlish muddati 30 kundan oshmaydigan muddatda va har qanday 180 kunlik davr ichida jami 90 kundan ortiq boʻlmagan muddatda viza talablaridan ozod qilinadi.
Bunda Tomonlarning davlatlari hududiga har bir kirish va boʻlish muddati 30 kundan oshmasligi lozim.
Agar fuqarolar 30 kundan ortiq qolishlari kerak boʻlsa, ular kirish vizasini oldindan olishlari lozim.
Vizasiz rejim mehnat faoliyati, oʻqish va media faoliyati bilan shugʻullanish, shuningdek, boshqa Tomon vakolatli organlarining oldindan roziligini talab qiladigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Koʻrsatilgan Bitim XXRning Gongkong va Makao maxsus maʼmuriy hududlariga tashrif buyurishga nisbatan amal qilmaydi.