Prezidentning "El-yurt umidi" stipendiyasi joriy etiladi
Stipendiya gʻoliblari ochiq tanlov asosida test sinovlari va suhbat oʻtkazish orqali aniqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi joriy etiladi.
Prezident farmoniga koʻra, bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari boʻyicha taʼlim olish uchun eng munosib nomzodlarni saralash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi joriy etiladi:
- “El-yurt umidi” stipendiyasi gʻoliblari ochiq tanlov asosida test sinovlari
va suhbat oʻtkazish orqali aniqlanadi;
- test sinovlarida nomzodlarning intellektual, tahlil qilish va kreativlik qobiliyatlari, psixologik barqarorligi baholanadi.
Bakalavriat boʻyicha hamda magistratura va doktorantura boʻyicha xalqaro reyting tashkilotlarining global reytingi natijalariga koʻra:
- birinchi 100 talikka kiritilgan xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqish xarajatlari (tuition fee) toʻliq qoplanadigan grant asosida qabul qilingan nomzodlarga “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiyalari tanlovlarsiz ajratiladi;
- birinchi 300 talikka kiritilgan xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga qabul qilingan nomzodlarga xalqaro transport va turarjoy xarajatlari uchun “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiyalari tanlovlarsiz ajratiladi;
- birinchi 20 talikka kiritilgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqish xarajatlari (tuition fee) kamida 50 foiz qoplanadigan grant asosida qabul qilingan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari bitiruvchilariga “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiyalari tanlovlarsiz ajratiladi.