Prezidentga yoʻl boʻyicha 4 ta yangi loyiha taqdimot qilindi
Toʻrtkoʻl va Beruniy shaharlarini aylanib oʻtuvchi A-380 magistralini rekonstruksiya qilinadi, Qoraqalpogʻiston va Xorazmda 516 kilometr mahalliy yoʻllarni toʻla taʼmirlanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 may kuni yoʻl xoʻjaligidagi ishlar natijadorligi va rejadagi loyihalar boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 10 oktabrdagi qaroriga muvofiq, bu sohada boshqaruv takomillashtirilib, yoʻllar qurish, taʼmirlash va saqlash boʻyicha koʻp yillik vazifalar belgilangan edi. Oʻtgan 2 yilda bu maqsadlarga 26 trillion soʻm ajratilib, jami 40 ming kilometr yoʻl va 540 ta koʻprik taʼmirlandi. Sohaga chetdan jalb qilinayotgan mablagʻlar ham 3 karra oshdi.
Lekin hali qilinadigan ishlar koʻp. Bu yil 7 ming kilometr umumiy foydalanishdagi yoʻl hamda 231 ta koʻprikni qurish va taʼmirlash, 13 ming kilometr tuproq koʻchalarga shagʻal yotqizish, 400 kilometr sement qoplamali yoʻllar qurish, magistrallar boʻyida 72 ta servis majmuasi tashkil etish rejalashtirilgan.
Taqdimotda mutasaddilar shular haqda axborot berdi.
Yangi loyihalarni belgilashda yoʻllarning hozirgi holati va qatnov darajasiga eʼtibor qaratilmoqda. Bugungi kunda xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda 1 ming 200 kilometr yoʻlni rekonstruksiya qilish boʻyicha 6 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.
Endi yana 4 ta loyiha boshlanishi koʻzda tutilgan. Xususan, Toʻrtkoʻl va Beruniy shaharlarini aylanib oʻtuvchi A-380 magistralini rekonstruksiya qilish, Qoraqalpogʻiston va Xorazmda 516 kilometr mahalliy yoʻllarni toʻla taʼmirlash, Termiz – Denov hamda Sirdaryo – Baxt oraligʻidagi yoʻllarni sement-beton qoplamali qilib qurish rejalashtirilgan. Bu loyihalarga Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Islom taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiya banki mablagʻlari yoʻnaltiriladi.
Davlatimiz rahbari eng muhim masala yoʻllarni sifatli saqlash ekanini taʼkidladi. Yoʻl boʻylarida infratuzilmani rivojlantirib, aholiga qulayliklar yaratish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Qamchiq dovonida statsionar nazorat posti ishga tushirilgan. Buni yuk tashish oqimi yuqori boʻlgan boshqa yoʻllarda ham tashkil qilish zarurligi qayd etildi.
Shu oʻrinda aytish kerakki, bundan qariyb 20 yil oldin qabul qilingan “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi qonun hozirgi zamon talablariga javob bermayapti. Soʻnggi yillardagi islohotlar, bugungi dolzarb masalalar unda aks etmagan.
Shu bois mazkur qonun yangi tahrirda ishlab chiqilmoqda. Unda, jumladan, “avtomobil yoʻllarini rejalashtirish” mexanizmini joriy etib, yoʻl infratuzilmasini aholi va iqtisodiyotning oʻsib borayotgan ehtiyojlariga mos ravishda rivojlantirish nazarda tutilmoqda. Yoʻllarni loyihalashtirishda aholi fikri va atrof-muhitga taʼsirini inobatga olish hamda piyodalar uchun toʻsiqsiz muhitni yaratish boʻyicha qatʼiy talablar oʻrnatilmoqda. Kommunikatsiya tarmogʻini qurishda yoʻlning avvalgi holatini tiklash xarajatlarini qoplash sharti kiritilmoqda.
Pulli yoʻllarning huquqiy asoslari, ajratilgan va yoʻl boʻyi mintaqalarida servis binolarini joylashtirishga oid talablar belgilanmoqda. Yoʻllarda katta hajmli va ogʻir vaznli transport vositalarining harakatlanishi tartibga solinmoqda.
Taqdimotda mutasaddilar muqobil yoʻllar qurish boʻyicha xususiy sheriklik loyihalari yuzasidan ham hisobot berdi.