“Mikrokreditbank” mahallalarga salkam 2 trln soʻm kredit ajratdi
Aholi turmush darajasini oshirish va kambagʻallikni kamaytirish boʻyicha esa jami 3,6 trln soʻmlik kreditlar berildi.

Aholi turmush darajasini oshirish va kambagʻallikni kamaytirish borasida prezident 2024 yil 16 dekabrdagi videoselektor yigʻilishida banklar oldiga bir qator vazifalar qoʻydi. Ushbu topshiriqlarni amalga oshirish maqsadida “Mikrokreditbank” maxsus chora-tadbirlar dasturini qabul qildi.
Bugun bank axborot xizmati rahbari Sarvar Ochilov ushbu dastur doirasida amalga oshirilayotgan asosiy ishlar haqida qisqacha maʼlumot berib oʻtdi.
Birinchi yoʻnalish – mahallabay ishlash tizimi
Bank tarkibida maxsus departament, hududlarda “mahalla sektori” tashkil etildi. 1121 ta mahallaga 332 nafar “mahalla bankiri” va har bir mahallarda yordamchi agent biriktirildi. Ular orqali aholi ehtiyojlarini oʻrganish va maqsadli moliyaviy xizmatlarni yetkazish tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Ikkinchi yoʻnalish – kreditlash orqali faol qoʻllab-quvvatlash
Joriy yilning oʻtgan 4 oyida bank tomonidan jami 3,6 trln soʻm kredit ajratildi. Buning 1,8 trln soʻmi bevosita mahallalardagi aholi va tadbirkorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazildi. “Oilaviy tadbirkorlik”, “Biznesga birinchi qadam”, “Mahalla loyihasi” kabi dasturlar bu jarayonning asosiy tayanchiga aylandi.
Uchinchi yoʻnalish – ish oʻrinlari yaratish
Bu borada yanvar-aprel oylarida bank koʻmagida qariyb 122 ming nafar aholi bandligi taʼminlandi, shundan 76 ming nafari tadbirkorlikka jalb etildi. Xususan, 18 mingdan ortiq mikroloyiha amalga oshirilib, 38 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratildi.
Toʻrtinchi yoʻnalish – bank mijozlari bilan oʻtkazilgan uchrashuvlar
Hisobot davrida bank mijozi boʻlgan 17 ming nafar tadbirkor bilan 1100 marotaba uchrashuvlar oʻtkazildi. Uchrashuvlarda koʻtarilgan murojaatlarning 5 mingdan ortigʻi ijobiy hal qilinishi natijasida 6 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratildi.
Beshinchi yoʻnalish – ijtimoiy tashabbuslar
Buxoro viloyatida kambagʻal oilalarga 900 mln soʻmga yaqin homiylik mablagʻlari hisobidan xonadonlarni taʼmirlash, chorva mollari, qoʻy va parrandalar, tomorqasida ekin ekishi uchun urugʻ va agrotexnikaga, tikuv mashina, issiqxona, maktab hududida sport maydonchasi (vorkaut,) goʻzallik salonlari tashkil etildi. Bundan tashqari, 53 ta mahalladagi 380 ta kambagʻal oilaga 10 ming dona mevali koʻchatlar tarqatildi.
Oltinchi yoʻnalish – turizmni rivojlantirish
Yaqinda foydalanishga topshirilgan Xorazm viloyati Xiva shahridagi “Arda Xiva” turistik majmualarida bank tomonidan mehmonxona, savdo majmualari barpo etildi. Loyihalarni amalga oshirish uchun tanlov asosida pudratchi korxonalar jalb etilib, 185 mlrd soʻm investitsiya kirtildi.
Bugungi kunda “Arda Xiva” loyihasida qurilish ishlari yakuniga yetkazilib, foydalanishga topshirildi, natijada 300 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi.
Shuningdek, 2024 yil 29 noyabrdagi PQ-410-sonli qaroriga asosan, Xiva shahridagi “Toʻrt Shovvoz” madaniy meros obʼektiga tutash 6,2 gektar yer maydonida Hunarmandlar markazini barpo etish belgilangan. Mazkur loyihani moliyalashtirish maqsadida MKB Kasana Invest Group MChJ ustav kapitaliga yana 435 mlrd soʻm investitsiya kiritish belgilangan.
Yettinchi yoʻnalish – namunaviy loyihalar doirasida aholiga ijaraga berilgan 1741 gektar yerda “Bir kontur – bir mahsulot” asosida dehqonchilik uchun 159 ta loyihaga 2,2 mlrd soʻm imtiyozli kreditlar orqali yuqori daromadli, eksportbop mahsulotlar yetishtirilmoqda. Shuningdek, “Super loyiha”lar doirasida “yetishtirish – qayta ishlash – sotish” zanjiri yaratiladi.