Endi kambagʻallar ham toifalarga ajratiladi
"Qizil" toifaga kiritilgan oilalarning "aʼlo" baholarga oʻqigan talaba qizlariga maxsus stipendiya toʻlanadi.

Kambagʻal oilalar toifalarga ajratiladi.
“Kambagʻal oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” gi Prezident Farmoni (PF-84-son, 08.05.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, 2025 yil 15 maydan Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan va ushbu reyestrga tushish xavfi boʻlgan oilalar “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga taqsimlanadi hamda ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari ularning toifasiga qarab koʻrsatiladi.
“Qizil” toifaga – oila aʼzolarining har biriga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʻlgan va quyidagi mezonlarning biriga javob beradigan oilalar kiritiladi:
- aʼzolarining kamida 1 nafari sogʻligʻining holatiga koʻra mehnat qilish imkoniyatiga ega boʻlmagan;
- parvarishga muhtoj aʼzosi, shu jumladan, nogironligi mavjud farzandi boʻlgan;
- oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz yashovchi yoki yolgʻiz keksa yoxud yolgʻiz nogironligi boʻlgan shaxsdan iborat boʻlgan;
- boquvchisini yoʻqotgan yoki boquvchisi jazoni ijro etish muassasasida boʻlgan oila;
“Sariq” toifaga – oila aʼzolarining har biriga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʻlgan hamda aʼzolari sogʻligʻi holatiga koʻra mehnat qilish imkoniyatiga ega boʻlgan oilalar kiritiladi.
“Yashil” toifaga – oila aʼzolarining har biriga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining 1 baravaridan 1,5 baravarigacha boʻlgan va quyidagi mezonlarning biriga javob beradigan oilalar kiritiladi:
- oila “qizil” yoki “sariq” toifadan chiqarilgan boʻlsa;
- oilaning Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilishi ehtimoli yuqori boʻlsa.
2025 yil 1 iyundan:
Ijtimoiy himoya yagona reyestridagi oilalar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar Kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarga ham tatbiq etiladi, 2026 yil 1 yanvardan esa faqat Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga koʻrsatiladi:
- davlat xizmatlaridan foydalanish uchun boj, yigʻim va boshqa toʻlovlarni toʻlashda “sariq” toifaga kiritilgan oilalarga 50 foiz, “qizil” toifaga kiritilgan oilalarga esa 75 foiz miqdorida chegirmalar qoʻllaniladi;
- kambagʻal oilalar “qizil” yoki “sariq” toifadan “yashil” toifaga oʻtganda ular uchun qonunchilikda nazarda tutilgan davlat ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari keyingi 12 oy muddatga saqlab qolinadi;
- “qizil” toifaga kiritilgan oilalarga belgilangan passiv daromad keltiruvchi qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etiladi.
Ushbu reyestriga kiritilgan oilalar aʼzolariga ijtimoiy xizmat va yordamlar oilalar kambagʻal deb eʼtirof etilgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yoki shaxsning kambagʻal deb eʼtirof etilgan oilaning aʼzosi ekani haqidagi maʼlumotnoma asosida koʻrsatiladi.
2025 yil 1 iyundan “qizil” toifaga kiritilgan oilalarning “aʼlo” baholarga oʻqigan talaba qizlariga bazaviy stipendiyaning 2 baravari miqdoridagi maxsus stipendiya toʻlanadi.
2025 yil 1 sentabrdan umumiy oʻrta taʼlim muassasasining uzaytirilgan kun guruhlariga qatnaydigan bolalar umumiy sonining 15 foizi miqdorida kambagʻal oilalar farzandlari uchun alohida kvota ajratiladi va ular ota-onalar toʻlovidan ozod etiladi.
2026 yil 1 yanvardan kambagʻal oilalarning “aʼlo” baholarga oʻqiydigan farzandlarining Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimidagi oromgohlarda dam olishi va sogʻlomlashtirilishi xarajatlari toʻliq qoplab beriladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Kambagʻal oilalar reyestri va Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalarga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar koʻrsatilishini muvofiqlashtiruvchi davlat organi hisoblanadi.