Deport qilingan shaxslarga ikki yilgacha xorijga chiqish pasporti boʻyicha xizmat koʻrsatilmaydi
Xorijda migratsiya qonunlarini buzgan va Oʻzbekistonning xalqaro nufuziga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi harakatlarni sodir etgan fuqarolar bazasi shakllantiriladi.

Endilikda, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq readmissiya qilingan fuqarolarga ikki yil davomida xorijga chiqish biometrik pasportini berish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatilmaydi.
"Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida" gi Hukumat qarori (313-son, 13.05.2025 y. ) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2025 yil 1 sentabrdan boshlab Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tomonidan xorijiy davlatning qonunchilik hujjatlarini buzishi natijasida deportatsiya qilingan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro nufuziga va obroʻ-eʼtiboriga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi xatti-harakatlarni sodir etgan fuqarolarga doir maʼlumotlar Migratsiya jarayonlariga doir maʼlumotlarning yagona elektron bazasi orqali yuritiladi.
Yagona maʼlumotlar bazasiga elektron reyestr sifatida quyidagilar kiritiladi:
-Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalaridan olingan maʼlumotlar;
-Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan xalqaro shartnomalarga muvofiq readmissiya qilingan shaxslar haqidagi maʼlumotlar;
-Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi va uning xorijdagi vakolatxonalaridan (vakillaridan) olingan maʼlumotlar.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq readmissiya qilingan fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4079-son qarori bilan tasdiqlangan "Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizom"ga muvofiq ikki yil davomida xorijga chiqish biometrik pasportini berish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatilmaydi.
Bunda readmissiya qilingan fuqarolarga chet elga chiqishi uchun biometrik pasporti rasmiylashtirib beriladigan istisno holatlar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.
Readmissiya qilingan shaxslar — Oʻzbekiston va boshqa davlatlar oʻrtasidagi xalqaro kelishuvlar asosida, oʻz ixtiyori bilan yoki majburiy ravishda Oʻzbekistonga qaytarilgan fuqarolar.
Yaʼni, agar biror oʻzbekistonlik fuqaro chet elda noqonuniy qolgan, vizasi tugagan, deportatsiya qilingan shaxs Oʻzbekiston tomonidan qabul qilinadi — bu jarayon readmissiya deb ataladi.