Tehronda Oʻzbekiston-Eron biznes forumi oʻtkazildi
Uning ochilishida Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov soʻzga chiqdi. Tovar ayirboshlash hajmi 500 million dollarga yetgani, qoʻshma korxonalar soni esa 210 dan oshgani qayd etildi.

11 may kuni Tehron shahrida Oʻzbekiston - Eron biznes forumi boʻlib oʻtdi.
Uning ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Eron Islom Respublikasi Birinchi vitse-prezidenti Muhammad Rizo Oref soʻzga chiqdilar.
Taʼkidlanganidek, oʻzaro savdoda barqarorlik kuzatilmoqda. Xususan, tovar ayirboshlash hajmi 500 million dollarga yetdi, qoʻshma korxonalar soni 210 dan oshdi.
Mavjud zaxiralar chuqur tahlil qilinib, yangi oʻsish nuqtalari belgilandi, umuman olganda, 1 milliard dollarlik loyiha portfeli va savdo kelishuvlari shakllantirildi.
Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻz nutqida qatnashchilar eʼtiborini mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiliklarida biznes muhitini yaxshilash, xorijiy sarmoyadorlarga qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar samaralariga qaratib, quyidagilarga alohida toʻxtatilib oʻtdi.
Jumladan, oʻtgan davrda yalpi ichki mahsulot 2 barobar oʻsdi. Yaqinda Xalqaro valyuta jamgʻarmasi mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti ilk bor 100 milliard dollardan oshganini tasdiqladi.
Kelgusi besh yilda ushbu koʻrsatkichni 160 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilganmiz. 2025 yil birinchi chorak yakuni boʻyicha mamlakatimiz iqtisodiy oʻsish surʼati 6,8 foizni tashkil etdi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda 70 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya oʻzlashtirildi. Xalqaro moliya institutlarining 14 milliard dollardan ortiq mablagʻi ijtimoiy va infratuzilma sohalariga jalb qilindi.

2030 yilga borib “yashil” energiya manbalarining energetikadagi ulushini 50 foizdan oshirish koʻzda tutilgan.
Oʻzbekiston mineral resurslar va noyob foydali qazilmalarning katta zaxiralariga boy mamlakat hisoblanadi.
Biznesni qoʻllab-quvvatlash uchun muhim qarorlar qabul qilindi. Natijada ikki yuzdan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi, soliqlarning umumiy soni 13 tadan 9 taga, ayrimlarining bahosi esa ikki barobar kamaytirildi.
Valyuta bozori liberallashtirildi va daromadlarni repatriatsiya qilish boʻyicha barcha cheklovlar olib tashlandi. Qoʻshilgan qiymat soligʻi bahosi 15 foizdan 12 foizga tushirildi. Foyda soligʻi faoliyat turiga qarab 5 foizdan 15 foizgacha etib belgilandi.
Qishloq xoʻjaligi va ijtimoiy sohalarda faoliyat yurituvchi korxonalar esa foyda soligʻi toʻlashdan butkul ozod etilgan.
Mamlakatimizda yiliga 25 million tonna yuqori sifatli meva-sabzavot yetishtiriladi. Yiliga 2,5 milliard dollarlik meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilinmoqda.
Shuningdek, tadbirda mamlakatimiz dunyodagi koʻplab davlatlar bilan imtiyozli savdo tizimiga ega ekani maʼlum qilinib, eronlik ishbilarmonlar Xorazm va Samarqand viloyatlaridagi sanoat zonalari imkoniyatlardan keng foydalanishga taklif etildi.
Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston - Eron biznes forumida qatnashish uchun mamlakatimizdan 100 nafardan ziyod tadbirkorlar, vazirlik va idoralar vakillari oʻzlarining turli yoʻnalishdagi ilgʻor taklif va tashabbuslari bilan qatnashib, “B2B” shaklda muzokaralar olib bordi.