AQSh va Xitoy savdo urushini vaqtincha toʻxtatmoqda
Hozirgi vaqtda AQShning Xitoy importiga bojlari 145 foiz, Xitoyning esa AQSh tovarlariga bojlari 125 foizni tashkil qiladi.

AQSh va Xitoy savdo urushini uch oyga toʻxtatishga va tovarlarga oʻzaro tariflarni kamaytirishga kelishib oldi.
Oq uy veb-saytida eʼlon qilingan AQSh va Xitoy hukumatlarining qoʻshma bayonotiga koʻra, tomonlar "barqaror, uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli iqtisodiy va savdo aloqalari muhimligini" tan oldi.
Shu bois, 14 maydan boshlab ular import bojlarini oshirish boʻyicha buyruqlarni 90 kunga toʻxtatib turishga kelishib oldilar.
Hozirgi vaqtda AQShning Xitoy importiga bojlari 145%, Xitoyning esa AQSh tovarlariga bojlari 125% ni tashkil qiladi. Tomonlar oʻzaro toʻlovlarni 24 foizga oshirish toʻgʻrisidagi qarorlar ijrosini toʻxtatib, bazaviy tarifni 10 foiz darajasida saqlab qolishga kelishib oldilar.
“Yuqoridagi harakatlar amalga oshirilgandan soʻng tomonlar iqtisodiy-savdo munosabatlari boʻyicha muhokamalarni davom ettirish mexanizmini oʻrnatadilar”, — deyiladi qoʻshma bayonotda.
Reuters agentligining taʼkidlashicha, AQShning Xitoy tovarlariga bojlari vaqtincha 30%, Xitoyning esa AQSh importiga bojlari 10% boʻladi.
Savdo kelishuvi jahon iqtisodiyotidagi noaniqlikni kamaytirishga yordam berdi va jahon bozorlarida aksiyalar koʻtarila boshladi, deb yozadi The Telegraph. Neft narxi allaqachon koʻtarilgan va dollar mustahkamlanmoqda.