AOKAdan yangi qonun loyihasi: soʻz erkinligi himoyasimi yoki?..
Bloger, vayner, saytlar va telegram kanallar egalari uchun yangi tartib-qoidalar ishlab chiqildi.

Muhokamalar portaliga "Onlayn-platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida"gi qonun loyihasi joylashtirildi. Unga koʻra, bir qator yangi atamalar va qoidalar kuchga kirishi mumkin.
Qonunning asosiy tushunchalar qismiga inflyuyencer atamasi kiritilgan – onlayn-platformadagi oʻz akkauntida yoki ommaviy hamjamiyatda oʻn mingdan ortiq obunachiga ega boʻlgan bloger. Bu orqali amaldagi "Axborotlashtirish toʻgʻrisida"gi qonunda keltirilgan bloger tasnifi chiqarib tashlanmoqda.
Shu atama orqali uning qamrovi toraygan: amaldagi qonunga koʻra ijtimoiy tarmoqda oʻz sahifasiga ega har qanday shaxs bloger hisoblanadi. Yangi tartib bilan endi faqat kamida 10 ming obunachisi bor akkauntlargina inflyuyenser boʻladi. Buning ichiga blogerlar, vaynerlar, sayt va telegram kanallar adminlari kirib ketadi.
Shuningdek, Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi onlayn-platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish sohasida vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Qonun loyihasining asosiy mazmuni foydalanuvchilar soni va shaxsini aniqlashga qaratilgan. Buning uchun onlayn-platforma egasi barcha texnik sozlanmalarni ishga solishi kerak.
Onlayn-platforma egalari shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish maqsadida foydalanuvchilarini roʻyxatdan oʻtkazish yakunlanishidan oldin onlayn-platformaning maxfiylik siyosati bilan tanishtiradi. Shaxsga doir maʼlumotlarning yaxlitligi, saqlanishi va maxfiyligiga rioya qilinishini taʼminlaydi, foydalanuvchi yoki uning qonuniy vakilining roziligisiz shaxsga doir maʼlumotlarning tarqalishiga yoʻl qoʻymaydi. Onlayn-platforma foydalanuvchisining shaxsga doir maʼlumotlarining maxfiyligi buzilgan taqdirda, uni darhol xabardor qiladi.
Noqonuniy kontent
Oʻzbekiston hududida onlayn-platforma va veb-saytlarda noqonuniy kontentni tarqatish taqiqlanadi. Quyidagilar noqonuniy kontent hisoblanadi:
1) amaldagi konstitutsiyaviy tuzumni, Oʻzbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligini zoʻravonlik bilan oʻzgartirishga chaqiriqlarni oʻz ichiga olgan maʼlumotlar;
2) ommaviy tartibsizliklarga, fuqarolarga nisbatan zoʻravonlik qilishga, shuningdek mazkur noqonuniy harakatlarni muvofiqlashtirishga qaratilgan maʼlumotlar;
3) jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolgʻon axborot;
4) urush, zoʻravonlik va terrorizm, shuningdek ekstremizm, separatizm gʻoyalari, ekstremistik va terroristik tashkilotlarning atributlari va ramzlari;
5) davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oshkor etuvchi maʼlumotlar;
6) milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni qoʻzgʻatuvchi maʼlumotlar;
7) jamiyatga, davlatga, shu jumladan davlat ramzlariga hurmatsizlikni koʻrsatuvchi nomaqbul shaklda ifodalangan maʼlumotlar;
8) giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni tashviqot qiluvchi maʼlumotlar;
9) pornografik mahsulot, shafqatsizlikni targʻib qiluvchi, shuningdek oʻz joniga qasd qilishga daʼvat etuvchi maʼlumotlar;
10) fuqarolarni, shu jumladan voyaga yetmaganlarni, ularning hayoti va (yoki) sogʻligʻiga yoki boshqa shaxslarning hayoti va (yoki) sogʻligʻiga tahdid soladigan qonunga xilof harakatlarni sodir etishga undashga yoki boshqacha tarzda jalb qilishga qaratilgan maʼlumotlar;
11) fishing va spam resusrlarga havolalarni oʻz ichiga olgan maʼlumotlar;
12) jinoiy, maʼmuriy yoki qonunda belgilangan boshqa javobgarlikka sabab boʻladigan boshqa harakatlarni qilishga daʼvat etuvchi maʼlumotlar.
AOKA noqonuniy kontent aniqlangandan keyin 24 soat ichida noqonuniy kontentni oʻchirish, tarqatishni toʻxtatish toʻgʻrisida xulosaga asosan koʻrsatma yuboradi. Koʻrsatmada veb-sayt, onlayn-platforma akkaunti yoki ommaviy hamjamiyatning nomlanishi, noqonuniy kontentga havola va u joylangan vaqt, noqonuniy kontentni tarqatganlik uchun qonunchilikda oʻrnatilgan javobgarlik toʻgʻrisida maʼlumot koʻrsatiladi, shuningdek, noqonuniy kontentning ekrandagi surati nusxasi ilova qilinadi.
Koʻrsatmada koʻrsatilgan noqonuniy kontent koʻrsatma qabul qilinganidan keyin 12 soatdan kechiktirmay oʻchirilishi shart.
Agar anonim kanal yo sayt boʻlsa, AOKA Oʻzbekiston hududida ushbu veb-saytga kirishni cheklash choralarini koʻradi. Yaʼni anonim kanal egasi topilmasa, oʻsha platforma (shartli Telegram deylik) rahbariyati yo uning vakiliga taqdimnoma yuboriladi.
Agar Telegram rahbariyati noqonuniy kontentni oʻchirishdan bosh tortsa, AOKA uning Oʻzbekiston hududidagi faoliyatini 6 oygacha toʻxtatish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Agar Telegram vakili sud qarorlarini muntazam ravishda ijro etmasa, AOKA onlayn-platformadan Oʻzbekiston hududida foydalanish tezligini pasaytirish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilishga haqli. Daʼvo ariza qanoatlantirilgan taqdirda onlayn-platformaning identifikatsiya maʼlumotlari AOKA tomonidan shakllantiriladigan Oʻzbekiston hududida foydalanish tezligi pasaytirilgan onlayn-platformalar va kirish cheklangan veb-saytlar reyestriga majburiy kiritiladi.
Onlayn-platformadan Oʻzbekiston hududida foydalanish tezligini pasaytirish uchun tashkiliy va dasturiy-texnik chora-tadbirlar majmui reyestrga kiritilgandan keyin Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan 24 soat ichida koʻriladi.
Telegram maʼmuriyati agar bundan norozi boʻlsa, ular ham AOKA ustidan sudga murojaat qilishi mumkin.
Yana bir qiziq jihat: inflyuyenserlar oʻzining akkaunti, ommaviy hamjamiyati yoki veb-sayti orqali reklama yoki daromad keltiruvchi boshqa faoliyatni amalga oshirishda Soliq kodeksiga muvofiq soliqlarni oʻz vaqtida toʻlashi kerak.
Yaʼni endi dollarda yo naqd pulda reklama puli olayotgan vaynerlar, soliq toʻlamayotgan ayrim blogerlar ham soliq toʻlashga majbur boʻladi.
Qonun loyihasi muhokamasi 27 maygacha davom etadi. U qabul qilinishi, oʻzgarishi yoki bekor boʻlishi mumkin.