Andijon hokimi voyaga yetmagan qizga nisbatan jinoyat qilgani rad etildi
Ammo Xonobod bogʻidagi daraxtkushlik boʻyicha viloyat matbuot xizmati hozircha munosabat bermadi.

Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati 9 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda bloger Ulugʻbek Ashur tomonidan viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovga nisbatan ogʻir va asossiz ayblovlar keltirilganini bildirdi.
Unda bloger “Andijonlik fuqaro maʼlumot berishicha” degan soʻzlar bilan, goʻyoki viloyat hokimi voyaga yetmagan shaxsga nisbatan jinoiy harakat sodir etgani haqida aytib oʻtgan.
"Andijon viloyati hokimligi ushbu maʼlumotlarni keskin rad etadi. “Fuqaro maʼlumotiga” asoslangan, hech qanday dalilga ega boʻlmagan bunday postlar shaxs shaʼni, qadr-qimmati va nufuziga ochiqdan-ochiq tajovuzdir”, deyiladi raddiyada.
Aytilishicha, Andijon viloyati hokimligi ushbu asossiz maʼlumotlarni tarqatganlar va jamoatchilik ongida notoʻgʻri fikr uygʻotishga uringan shaxslar yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.

Ammo matbuot xizmati Xonobodda amalga oshirilgan daraxtlar qirgʻiniga hech qanday munosabat bildirmadi. Holbuki, ushbu qirgʻin viloyat hokimi qarori bilan amalga oshirilgani aytilgandi.
Ushbu holatni Ekologiya vazirligi nazoratga olib, nazorat inspeksiyasi oʻrganmoqda.