Samarqandda gaz chaqnagan uydan olti kishining jasadi topildi
Chaqnash natijasida hosil boʻlgan kinetik zarbadan uyning temir-beton konstruksiyalari qulagan, uchta qavat va yertoʻla qismi zararlangan.

Samarqandda gaz chaqnashi oqibatida olti kishi halok boʻldi. Bu haqda viloyat FVB xabar berdi.
Joriy yilning 8 may kunidan 9 may kuniga oʻtar kechasi Samarqand viloyati, Samarqand shahar, “Bogʻisaroy” MFY, Spitamen koʻchasida joylashgan uylarning birida gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir boʻlganligi toʻgʻrisida FVBga xabar qilingan.
Shunga koʻra, yongʻin-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga yetib borib, baxtsiz hodisa oqibatlarini bartaraf etishga kirishgan.
Chaqnash natijasida hosil boʻlgan kinetik zarbadan uyning temir-beton konstruksiyalari qulashi oqibatida, 1,2,3-chi qavatlari va yertoʻla qismi zararlangan. Yongʻin sodir boʻlmagan.
Olib borilgan harakatlar natijasida vayronalar ostidan 6 nafar fuqaroning jasadi topilgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ishchi guruhi rahbarligida Samarqand viloyati FVB boshligʻi, Prokuratura, IIB, SSB, MG, “Hududgaztaʼminot” va tegishli FVDT xizmatlaridan tezkor – Shtab tuzilib, vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Bunga 10 ta asosiy va maxsus yongʻin-qutqaruv texnikalar va FVDTning kuch, vositalari jalb etilgan.
Mazkur holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.