platina.uz
Maqola

Ruhiyat qirralari: Danning-Kryuger effekti

Eng umidsiz odam – bilmaydi va bilmasligini ham bilmaydi – u ahmoq, undan saqlaning. Bu effekt taʼsiridagi odamlar aynan mana shu toifaga mansub boʻlishadi.

Ruhiyat qirralari: Danning-Kryuger effekti
Fotokollaj: Platina.uz

Dunyoda eng bilimdon, hamma narsadan boxabar, hamma sohada maslahat bera oladigan kasb egalari kimlar, bilasizmi? Bular – taksichilar va sartaroshlar! Har holda ularning ayrimlari bilan suhbatlashsangiz, shunday taassurot uygʻonadi.

Ular mamlakatni qanday boshqarish, futbol oʻynash, ertaga dollar koʻtarilishi yoki pasayishi yoki dunyodagi urush va nizolarga qanday yechim topish haqida hamma narsani “bilishadi”. Qatʼiy xulosalar qilishadi, keskin fikrlar bildirishadi.

Lekin haqiqiy siyosatchilar, murabbiylar va iqtisodchilar esa koʻplab ehtimollarni inobatga olgan holda ehtiyotkorona bayonotlar berishadi va quyidagicha fikr yuritishadi: “Agar mana bu omillar ishlasa, shunday natija boʻlishi mumkin. Lekin bu aniq emas, chunki favqulodda yana nimadir sodir boʻlib qolishi mumkin…”

Yoki tajribali shifokor huzuriga kelgan bemorda qanday xastalik boʻlishi mumkinligini darrov taxmin qilsa ham, baribir bemorga oʻnlab testlar topshirishni tayinlaydi. Garchi ayni shu kasallikka koʻp marta duch kelgan boʻlsa-da, bunday bemorlarni koʻp marta davolagan boʻlsa-da, oʻz gumonini yana bir bor ilmiy jihatdan tasdiqlashga urinadi. Chunki hayotda har xil vaziyat va oʻxshash simptomli kasalliklar boʻlishi mumkin, balki bu fanda hali oʻrganilmagan xastalikdir, qolaversa, hamma odamning organizmi har xil.

Internetdagi izohchilar esa har qanday bemorga bitta siptomini eshitgandayoq, darhol tashxis qoʻyishadi va davolash usulini tavsiya qilishadi: “uning ukasining qoʻshnisining amakisida ham shunday belgilar boʻlgan, falon nomli kasal edi va u aytganidek davolangach, yaxshi boʻlib ketgan” emish!

Yoki infobizneschilar, yaʼni infoloʻttibozlar, shuningdek, turli blogerlarni ham bu mavzuga misol qilish mumkin. Ular biror soha (yoki hamma sohada) chuqur bilimga ega, bu borada oʻz fikrini ayta oladigandek koʻrinishga urinishadi. Agar ular shunchaki tovlamachilik qilib, oʻzlarining asl holatlarini zimdan anglab yetishsa, boshqa gap. Lekin bunday toifalarning aksariyati shu bilimlarni rostan bilishiga oʻzi ham ishonadi. Bilmasligini oʻzi-da bilmaydi yaʼni.

Bunday holat psixologiyada kognitiv buzilish deb tavsiflanadi, u muammoni yuzaki tushunadigan odamlarni oʻzlarini ushbu sohada mutaxassis deb hisoblashiga sabab boʻladi. Haqiqiy mutaxassislar oʻz bilimlariga shubha bilan qaraydilar va oʻz mahoratlarini yetarlicha baholamaydilar.

Shu bois real hayotda insonning bilimi qancha koʻp boʻlsa, u shuncha kamtarroqdir. Oʻzini boshqalardan bilimsiz va nodon hisoblaydi. Qadimgi yunon faylasufi Suqrot aytgan ekan: “Qancha koʻp bilganim sari, hech narsani bilmasligimni anglayapman”.

Garchi bu sohaga aloqasi kam boʻlsa-da, yana bir misol: har tomonlama yetuk yigitlar qizlar bilan tanishishga qiynalishadi. Oʻzlariga past baho berishadi, iymanishadi. “Men chiroyli va aqlli izlarga munosib emasman, meni mensimaydi”, deb xavotir olishadi.

Biroq na husni, na aqli, na ijtimoiy mavqei ularga tenglasha olmaydigan yigitlar oʻta goʻzal va deyari mukammal qizlar bilan qoʻltiqlashib yurishganini koʻrasiz. Chunki bundaylar oʻzlariga haddan ziyod yuqori baho berishadi, tortinishmaydi, oʻzlariga ishonch realdagidan ham yuqoriroq boʻladi. Oʻzgacha tavsif beradigan boʻlsak – qancha kam bilsang, shuncha ishonchliroq boʻlasan, ishonchliroq gapirasan.

Inson ruhiyatidagi bu kabi kognitiv buzilishlarni amerikalik ijtimoiy psixologlar – Devid Danning (1960 yilda tugʻilgan) va Jastin Kryuger ilk marta chuqur ilmiy oʻrganib chiqqan boʻlib, mazkur effekt ularning sharafiga Danning-Kryuger effekti deb atalgan. Bu ikki olim ilk marta 1999 yilda ushbu gipotezani ilgari surishgan.

Effektning mohiyati

Danning-Kryuger effekti – bu gipotetik effekt boʻlib, unga koʻra maʼlum bir mavzu boʻyicha yetarli bilim va malakaga ega boʻlmagan odamlar oʻzlarini oʻsha sohaning mutaxassisi deb hisoblaydilar. Ular xato xulosalar chiqaradi va notoʻgʻri qarorlar qabul qiladi, lekin bilim va koʻnikma yetishmasligi tufayli oʻz xatolarini anglay olmaydi. Boshqacha aytganda, bilimsizlik insonning oʻz salohiyati chegarasini toʻgʻri baholashiga xalaqit beradi va hatto unga tanish boʻlmagan sohalarda yoki birinchi marta bajarayotgan harakatlarda ham oʻz qobiliyatining darajasi haqida ortiqcha ishonch paydo qiladi. Yaʼni bunday odamlar bilmasliklarini oʻzlari ham bilishmaydi, bilaman deb oʻylashadi!

Bu gipotezaga koʻra, aksincha, yuqori malakaga ega odamlar oʻz qobiliyatlarini kam baholashga moyil boʻlib, oʻz kuchiga ishonchsizlikdan aziyat chekishadi, boshqalarni esa oʻzlaridan koʻra bilimli deb hisoblashadi. Shu bois, kam malakali odamlar oʻz salohiyati haqida yuqori fikrda boʻladi, malakali insonlar esa (va ular koʻpincha atrofdagilar ham ularni shunchalik past baholayapti deb oʻylashadi) oʻz qobiliyatini kamsitadi. Shuningdek, yuqori malakali shaxslar oʻzlari uchun oson vazifalarni boshqalar uchun ham oson deb xato taxmin qilishadi. Bunda “bilim kasofati” deb ataladigan fenomen koʻzga tashlanadi.

Bilim kasofati (inglizcha – curse of knowledge) – inson tafakkuridagi kognitiv xato turlaridan biri. Bu atama shunday psixologik fenomenni anglatadiki, yaxshi xabardor boʻlgan insonlar uchun maʼlum bir masalani kamroq maʼlumotga ega odamlarga tushuntirish juda qiyin kechadi.

Bir tajribada qatnashchilarning bir guruhi mashhur qoʻshiqlardan birining ohangini stolga taqillatib koʻrsatishgan, boshqa guruh esa uni tanib olishi kerak edi. Taqillatuvchi guruh fikricha, kamida 50 foiz tinglovchi qoʻshiqni topishi kerak edi, ammo aslida faqat 2,5 foiz tinglovchi toʻgʻri javob bergan.

Shu kabi holat topishmoqli oʻyinlarda ham kuzatiladi: ishora qiluvchi odam jamoadoshlari uning pantomima orqali yetkazayotgan soʻzini anglab yeta olmayotganiga ishongisi kelmaydi.

Baʼzi psixologlarning fikricha, “bilim laʼnati” taʼlim jarayonida ham jiddiy qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Masalan oʻqituvchining yoshi va bilimi qancha yuqori boʻlsa, u yosh va bilimsiz talabalarning holatini tushunmaydi, “ular hamma narsani tushuna oladi”, deb oʻylaydi. (Yoki aksincha, ular hech narsani tushunmaydi, deb oʻylaydi). Chunki oʻzining shu yoshidagi vaziyati esidan chiqib ketgan boʻladi.

Bunday odamlarda pedagogik koʻnikma ham yomon boʻladi. Chunki oʻquvchi, tinglovchi va suhbadoshlarini ham oʻzariga oʻxshab keng dunyoqarashli va bilimli deb oʻylashadi. Biror mavzuni tushuntira olishmaydi – hammani oʻzlariga oʻxshab zukko, tez tushunib oladi, deb oʻylashadi.

Bu kabi insonlar mazkur effektni anglab yetishgach, ikki xil yoʻl tutishadi. Birinchi toifa – odamlarga eʼtiroz bildirmay qoʻyadi, munozara qilmaydi, talashib-tortishmaydi. “Yer – toʻrtburchak” desangiz ham, miyigʻida kulib qoʻyadi.

Boshqa bir toifa esa biroz takabburroq boʻladi. Amerikalik adib Deniyel Kiz (1927-2014) qalamiga mansub “Aljernon uchun gullar” ilmiy-fantastik qissasi qahramoni Charli sevgan qizining otasi bilan suhbatda oʻzini shunday tutadi: Ota undan qanday ilmiy mavzuda tadqiqot olib borayotganini soʻraydi. Qahramon “nima desam ekan...” deya chaynalib, biroz oʻylanib qoladi. Shunda ota kulib, “tushuntirish qiyinmi”, deb soʻraydi. “Yoʻq, – deydi qahramon, – tushuntirish oson, lekin sizning tushunishingiz qiyin”.

Tadqiqotlar tarixi

1999 yili amerikalik psixologlar Devid Danning va Jastin Kryuger “Qobiliyatsiz va bundan bexabar: nega oʻz qobiliyatsizligini tan olishdagi qiyinchiliklar oʻzini ortiqcha baholashga olib keladi” nomli maqolani chop etishdi.

Tadqiqotchilar jamoasi talabalar orasida hazilni tushunish qobiliyati, mantiqiy fikrlash va grammatika boʻyicha testlar oʻtkazdi. Qatnashchilarga natijalarini koʻrsatishdan avval, Danning va Kryuger ulardan oʻz ishlarini foizda baholashlarini soʻrashdi. Barcha uch testda eng past natijalarni (taxminan 15%) koʻrsatgan talabalar oʻzlarini 50% yuqori baholadilar. Shu bilan birga, eng yuqori ball olganlar esa oʻzlarini kam baholagan edilar.

Qobiliyatsiz odamlar oʻz qobiliyatsizligini anglay oladimi? Bu savolga javob topish uchun olimlar eng past ball toʻplagan ishtirokchilarni qayta chaqirdilar. Ularga boshqa talabalarning testlarini baholash va shundan keyin oʻz dastlabki natijalarini qayta baholash taklif etildi. Biroq ular nafaqat oʻz qobiliyatsizliklarini tan olmadilar, balki oʻzlarini yanada yuqoriroq baholadilar. Bu ishtirokchilar faqat test mavzulari boʻyicha oʻquv kurslaridan oʻtganlaridan soʻnggina oʻz balllarini haqqoniy baholay boshladilar.

Biroq ilmiy jamoatchilik orasida bu effektning haqiqiy kuch-quvvati, oqibatlari va ilgari taklif etilgan psixologik izohining qanchalik toʻgʻri ekani haqida yagona fikr yoʻq. Zamonaviy tadqiqotlar shundan dalolat beradiki, Danning va Kryuger olgan natijalarni shunchaki statistik effekt orqali ham izohlash mumkin.

Danning va Kryuger oʻrgangan hayotiy misollar

Danning va Kryuger oʻz tadqiqotlarini Pittsburgda sodir boʻlgan real voqea bilan tushuntirishadi.

1995 yil 6 yanvar kuni Klifton Erl Jonson va Makartur Uiler yuzlarini niqob bilan toʻsmasdan Pensilvaniyadagi ikki bankni tunashgan. Tabiiyki, ular kuzatuv kameralariga “tushib” qolishgan. Jonson bir necha kundan soʻng, Uiler esa uch oydan keyin kuzatuv kamerasi yozuvlari yordamida qoʻlga olingan.

Uilerga bu videoyouvni koʻrsatishganida, u hayratda qoldi. Uning aytishicha, sherigi Jonson unga “limon sharbati yuzga surtilsa, kameralar uchun “koʻrinmas” boʻlib qolasan”, degan. Bu fikrini “limon sharbati bilan qogʻozga yozsang, matn koʻrinmas boʻlib qoladi” deya izohlagan.

Uiler avvaliga bu fikrga shubha bilan qaragan. Lekin limon sharbatini yuziga surib, Polaroid’da selfi surat olgan va tasvirda oʻzini koʻrmagan. Aksiga olib, ayni oʻsha paytda kamera yoki tasmadagi muammo bois uning yuzi koʻrinmay qolgan. Lekin u oʻz koʻrinmasligiga darrov ishongan va bu eʼtiqod uni toʻgʻri qamoqqa olib borgan.

Aynan shu voqea Danning va Kryugerni tadqiqot oʻtkazishga ilhomlantirdi. Ular Uiler nainki aqlsiz ish qilgan, balki oʻzida aql yetishmasligini ham anglay olmagan, degan gipotezani ilgari surishdi.

Psixologlar oʻrgangan ikkinchi misol hayotiy boʻlmasa-da, eʼtiborga molik. 2016 yilda suratga olingan “Primadonna” filmidagi Meril Strip oʻynagan qahramon – Nyu-Yorkda yashovchi Florens Foster Jenkins ismli millioner ayol musiqa uchun zarur eshitish yoki ovoz qobiliyatiga ega boʻlmaydi. Biroq opera xonandasi boʻlishga qatʼiy qaror qiladi. U aynan musiqa hissi yoʻqligi bois mashhurlikka erishadi. Ammo u oʻzini benazir ovoz sohibi, qobiliyatli opera xonandasi va vokalist deb hisoblagan.

Danning-Kryuger effekti ommaviy madaniyatga ham kirib kelgan. U koʻpincha umumiy intellekt nuqtai nazaridan tushuntiriladi, holbuki u muayyan sohadagi bilimlarga tegishlidir. Ijtimoiy tarmoqlarda #DunningKruger xeshtegi koʻpincha kimningdir aql darajasini kamsitish maqsadida ishlatiladi.

Qanday qilib Danning-Kryuger effektiga qarshi kurashish mumkin?

Albatta, bu effekt taʼsiriga tushmaslik uchun nima qilish kerak, degan savol tugʻiladi. Yaʼni bilimsizligini bilmaydigan soxta “bilimdon” boʻlib qolmaslik yoxud bunday shaxslarning taʼsiriga tushib qolmaslik uchun qanday yoʻl tutish lozim?

Mazkur effektni kashf etgan Devid Danning bu borada bir necha qimmatli tavsiyalar bergan:

1. Shubha bilan qarang.

Biror narsa ishonarli va kundek ravshan tuyulsa-da, u har doim ham haqiqat boʻlmasligi mumkin. “Biz har safar bir xulosaga kelsak, u toʻgʻridek tuyuladi. Aslida esa koʻp narsalarni miyamizning oʻzi toʻqib chiqaradi. Shu narsani unutmasangiz, oʻz fikrlaringiz yoki boshqalarning fikrlarini shubha ostiga qoʻyish va boshqalar toʻgʻri boʻlishi mumkinligini oʻylab koʻrish uchun bir fursat paydo boʻladi”, – deydi professor Danning VOX nashriga bergan intervyusida. Yaʼni har doim oʻzingni yoki boshqa insonlarni mutlaq haqiqat, deb hisoblama.

Yoxud Sharq jamiyatida amaldor yoki keksa odam “avtomatik ravishda” yuksak aql va bilim sohibi deb hisoblanishi ham bu effekt amalga oshishi uchun qulay muhit yaratadi. Bunday qatlamning ayrimlari bu ishonchni suiisteʼmol qilishadi.

Masalan, 90-yillarda, dinga taqiq va toʻsiqlar vaqtincha olib tashlangan paytda, xalq diniy bilimlarga tashna boʻlgan. Biroq bu sohada bilim sohiblari va kitoblar, umuman toʻgʻri maʼlumot yetishmagan. Yaʼni xalq eski milliy urf-odatlar yoki zardushtiylardan qolgan anʼanalarni ham Islom diniga mansub, deb oʻylab yurgan davrlar edi. Oʻshanda odamlar “keksalar biladi” degan umidda, avvaliga keksalardan diniy masalalarda fatvo soʻrashgan. Lekin oʻsha keksalar ham, tabiiyki, sovet zamonida, dinsizlik va diniy bilimsizlik davrida ulgʻaygan odamlar edi. Hatto ayrimlari sobiq ateist va kommunistlar edi. Biroq ular “yoʻq, bilmayman”, deyishga orlari yoʻl qoʻymagan yoki bilmasliklarini oʻzlari ham bilishmagan. Mahtal boʻlib turgan yoshlar oldida “past ketmaslik” uchun, xayollariga kelgan gaplarni aytib, “fatvo” berib yuboraverishgan va koʻpchilikni chalgʻitib qoʻyishgan.

Shuning uchun, har bir inson oʻz fikrlari ustidan kuzatuvchi va nazoratchi maqomida turishni oʻrganishi kerak. Chunki psixolog aytganidek, “Danning-Kryuger “klubi”ning birinchi qoidasi – sen bu “klub”ning aʼzosi ekaningni bilmasligingdir”.

2. Ijtimoiy aloqalarni rivojlantiring

Koʻplab muammolar yoki savollar aynan shunda kelib chiqadiki, biz yechimlarni faqat oʻzimizning fikrimizga tayanib topishga urinamiz. “Boshqalar bilan maslahatlashish, fikr almashish orqali yangi maʼlumotlarni bilamiz, turli nuqtai-nazarlarni eshitamiz. Bu juda foydali boʻlishi mumkin”, – deb hisoblaydi Devid Danning.

Olimning fikricha, koʻplab muammolarning oʻzagi shundaki, biz barcha ishni oʻzimiz hal qilmoqchi boʻlamiz. Bu esa bizga turli nuqtai nazarlarni eshitish imkonini bermaydi. Ijtimoiy hayot – foydali manba. Qaysi maʼlumot qayerda kerak boʻlib qolishini oldindan bilmaysiz.

3. Oʻzingizdagi ishonch ustidan nazorat oʻrnating

Ayrim vaziyatlarda insonning oʻz aqli va bilimiga ishonchi katta boʻlishi juda muhim. Masalan, bir odam oʻz rezyumesini korxonalarga yuborishga qoʻrqadi, ikkinchisi esa yuborishdan tortinmaydi. Birinchisi hech qanday imkoniyatga ega boʻlmaydi, ikkinchisi esa pirovardida tortinchoq, ammo bilimli odamdan koʻra koʻproq muvaffaqiyatga erishadi.

Ammo baʼzida bu ishonch toʻsqinlik ham qiladi. “Kerakli paytda ehtiyotkorlikni faollashtirish, zarur boʻlganida ishonchni qoʻllash juda muhim. Bu sizga yoki sizning rahbarligingiz ostidagi insonlarga katta foyda keltiradi”, – deydi psixolog.

Umuman olganda,bu effekt taʼsiridagi kognitiv xatoning asosiy muammosi shundaki, ularni sezish juda qiyin. Miyamiz yechim topishni osonlashtirish uchun “tuzoqlar” tuzadi. Natijada biz bu tuzoqlarga oʻralashib qolib, oʻz hayotimizga oʻzimiz zarar yetkazamiz.

Inson aqli va bilimi cheklanganini qabul qiling

Odam keng eruditsiyali boʻlish mumkin, ammo jahondagi barcha bilimlarni hech qachon toʻliq egallab boʻlmaydi. Miya faqat bitta, kun esa atigi 24 soatdan iborat. Bilmaslik sizni toʻxtatib qoʻymasin.

Bilasizmi, qanday odamlar koʻproq aldanadi, firibgarlar va tovlamachilar tuzogʻiga oson tushadi? Oʻzini oʻta aqlli va puxta deb oʻylaydigan odamlar!

Ular oʻz bilimsizliklarini va tajribasizliklarini oʻzlari bilishmaydi va oʻzlariga yuksak ishonch bois, “men aqlliman, hamma narsani bilaman va tushunaman, meni hech kim alday olmaydi” deb oʻylashgani bois, koʻpincha notoʻgʻri xulosalar chiqarishadi, notoʻgʻri qarorlar qabul qilib, notoʻgʻri hatti-harakatlar qilishadi. Boshqalar bilan maslahatlashmaydi yoki maslahat bersa-da, mensimasdan quloq solishmaydi, “oʻzimniki toʻgʻri, undan koʻra aqlliroqman” deb oʻylashadi. Natijada osongina firibgarlik qurboni boʻlishadi.

Nega firibgarlik qurbonlari orasida keksalarning koʻp uchrashini ham shu effekt bilan tushuntirish mumkin. Aslida, ular yoshlardan koʻra tajribaliroq va bilimliroq boʻlishadi, hayotda koʻplab holat va voqealarga guvoh boʻlishgan yoki ular haqida eshitishgan-ku! Nega oson aldanishadi? Toʻgʻri, ularda aql va fikr yuritish tezligi sogʻliq yomonlashgani va qarish taʼsirida pasaygan boʻlishi mumkin, lekin aldanib qolish uchun bu asosiy sabab emas. Asosiy sabab – oʻzbilarmonlik, “men hamma narsani hammadan koʻra yaxshiroq bilaman” degan qatʼiy, ammo notoʻgʻri xulosa va ishonch! Zamon va bilimlar shiddat bilan oʻzgarib borayotgan zamonga moslasha olmaslik, “qotib” qolish! Bilimlarni “yangilashni” istamaslik!

Kamroq bilsang – qattiqroq ishonasan

1999 yili oʻz gipotezasini sinovdan oʻtkazish uchun olimlar Kornell universiteti talabalari orasida toʻrt bosqichli tadqiqot oʻtkazishdi. Ular talabalarni hazil-mutoyibaga moyillik, mantiqiy fikrlash va grammatika boʻyicha sinovdan oʻtkazishdi. Keyin esa ulardan oʻz qobiliyatlarini mustaqil baholashlarini soʻrashdi.

Tadqiqot natijalariga koʻra, testlarda eng kam ball toʻplaganlar, odatda, oʻz natijalarining yomonligini hatto tasavvur ham qilmagan va oʻzlarini muvaffaqiyatli deb hisoblashgan. Eng qizigʻi shundaki, ularga boshqalarning javoblari bilan oʻz javoblarini solishtirish imkoniyati berilganida ham, asl natijalar ularning fikriga taʼsir qilmagan. Ular oʻz-oʻziga berilgan bahoni oʻzgartirmagan va yuqori malakali ekanliklari haqidagi xayolda qolaverishgan.

Bu holat muammoga yaxshi tushunadigan, bilimli talabalarda kuzatilmagan. Yana bir eʼtiborli jihati, qachonki bilimsiz talabalarni oʻqita boshlaganlaridan keyin – ularning oʻzini baholashi asta-sekin real holatga yaqinlasha boshlagan. Yaʼni malakalari oshishi maromida ular oʻz qobiliyatiga aniqroq va realroq baho bera boshlaganar. Endi avvalgidek oʻzlarini oʻta aqlli va qobiliyatli deb hsioblashmagan.

Taqdirning hazili shundaki, 2000 yili Danning va Kryuger oʻz kashfiyoti uchun Nobel mukofotining aksi – Shnobel mukofotiga sazovor boʻlishdi. Chunki ularning oʻzi ham oʻzlari tadqiq etgan effekt taʼsiriga tushib qolishgan deb hisoblashdi. Yaʼni ular oʻzlari bilaman deb oʻylagan gipoteza yoʻlida statistika qurboni boʻlishgan deb hisoblashdi.

Toʻrtinchi toifa odamlari

Xulosa oʻrnida XI asrdagi yahudiy faylasufi va shoiri Shlomo ibn Gabirolning soʻzlarini esga olish mumkin. U oʻz asarida odamlarni 4 toifaga boʻladi va ular bilan qanday muomala qilish kerakligini koʻrsatadi:

1. Birinchi toifadagi odam biladi va bilishini ham biladi – u dono, undan maslahat soʻrang.

2. Ayrimlar esa biladi, lekin bilishini bilmaydi – unga yordam bering.

3. Boshqa bir toifadagi odam bilmaydi, lekin bilmasligini biladi – unga taʼlim bering.

4. Eng umidsiz odam – bilmaydi va bilmasligini ham bilmaydi – u ahmoq, undan saqlaning.

Danning-Kryuger effekti taʼsiridagi odamlar aynan mana shu – toʻrtinchi toifaga mansub boʻlishadi.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid