platina.uz
Siyosat

Oʻzbekiston prezidenti Moskvadagi harbiy paradda ishtirok etdi

Shavkat Mirziyoyev XXR Raisi Si Szinpin, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi va boshqa rahbarlar bilan norasmiy uchrashuvlar ham oʻtkazdi. 

Oʻzbekiston prezidenti Moskvadagi harbiy paradda ishtirok etdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 9 may kuni Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 80 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi.

Qizil maydonda Gʻalaba paradi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Xitoy Raisi Si Szinpin, Braziliya Prezidenti Lula da Silva, Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Joʻmart Toqayev, Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel, Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro va boshqalar ham qatnashdi.

Ikkinchi jahon urushidagi gʻalaba millionlab insonlarning jasorati, matonati va fidoyiligi natijasidir. Bu ulugʻ maqsadga erishishda koʻp millatli Oʻzbekiston xalqining ham salmoqli hissasi bor.

Urush boshlangan paytda respublikamiz aholisi 6 million nafardan ziyod edi. Urush yillarida ikki millionga yaqin oʻzbekistonlik frontga joʻnatildi. 538 mingdan ziyod kishi jang maydonlarida halok boʻldi, 158 mingdan ortigʻi bedarak yoʻqoldi.

Koʻrsatgan mardligi va jasorati uchun Oʻzbekistondan 214 mingdan ziyod askar va ofitser jangovar orden va medallar bilan taqdirlandi. Vatandoshlarimizdan 301 kishi Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor boʻldi, yana 70 kishi "Shuhrat" ordenining barcha darajalari sohibi boʻldi.

Oʻzbek xalqi mehnat borasida ham ulkan jasorat koʻrsatdi. Mamlakatimiz frontning ishonchli tayanchiga aylandi: bu yerdan oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon, qurol-yarogʻ va boshqa zarur resurslar uzluksiz joʻnatib turildi. Qisqa muddatda Oʻzbekiston hududida 170 dan ortiq evakuatsiya qilingan korxonalar joylashtirilgani mudofaa sanoatining uzilishlarsiz ishlashini taʼminladi.

Oʻsha ogʻir yillarda Oʻzbekiston xalqi yuksak insonparvarlik namunasini koʻrsatib, frontoldi hududlaridan evakuatsiya qilingan 1,5 milliondan ortiq kishini, jumladan, 250 mingdan ziyod yetim bolalarni qabul qildi.

Oʻzbek xalqining urush yillaridagi jasorati xalqaro hamjamiyatda keng eʼtirof etilmoqda.

Mamlakatimizda ham urush va mehnat fronti qatnashchilarining xotirasini abadiylashtirish, faxriylarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Toshkentda ulugʻvor "Gʻalaba bogʻi" yodgorlik majmuasi barpo etildi.

Gʻalaba paradi yakunida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va boshqa davlat rahbarlari bilan birgalikda Aleksandr bogʻidagi Nomaʼlum askar qabriga gul qoʻydi.

Ushbu yodgorlik gʻalaba yoʻlida mislsiz jasorat koʻrsatgan va jon fido qilgan millionlab jangchilar, jumladan, Oʻzbekiston farzandlari xotirasiga oʻrnatilgan.

Marosim bir daqiqalik sukut hamda faxriy qorovul va harbiy orkestrning tantanali yurishi bilan yakunlandi.

Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev Moskvada Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 80 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etish doirasida XXR Raisi Si Szinpin, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi, Vetnam Kompartiyasi Markaziy qoʻmitasi Bosh kotibi To Lam, Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich va Falastin Prezidenti Mahmud Abbos bilan norasmiy uchrashuvlar oʻtkazdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid