Qurilish pullarini talon-toroj qilgan "Yagona buyurtmachi" inspektori va sherigi jazolandi
Ular hujjatlarga maktab taʼmirlash ishlari bajarilganligi toʻgʻrisida soxta maʼlumotlarni kiritib, 800 mln soʻmga yaqin pullarni oʻzlashtirishgan.

2025 yilning 8 aprel kuni jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻrgʻontepa tuman sudida yirik mablagʻni oʻzlashtirgan tadbirkor va uning sherigiga nisbatan sud hukmi oʻqildi. Sud ishi nusxasi Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Maʼlum boʻlishicha, sudlanuvchi XX “Yuksak Obod Qurilish” MChJ rahbari sifatida faoliyat yuritib kelgan. U Andijon viloyat hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” DUK texnik inspektori bilan oldindan jinoiy til biriktirgan. Ular Qoʻrgʻontepa tumanidagi 50-sonli umumtaʼlim maktabini mukammal taʼmirlash ishlari boʻyicha 2022 yilda tuzilgan 5 mlrd. 250 mln. soʻmlik pudrat shartnomasiga asosan mazkur qurilish obʼektida bajarilgan ishlar yuzasidan 2023 yil avgust oyida rasmiylashtirilgan rasmiy xujjat hisoblangan hisobot hujjatlariga amalda bajarilmagan jami 733 mln. 787 ming 322 soʻmlik ishlari bajarilganligi toʻgʻrisida soxta maʼlumotlarni kiritishgan. Natijada xujjatlarni soxtalashtirib va ularni soxta ekanligini bilib turib ulardan qasddan foydalanib toʻlovga taqdim qilib, juda koʻp miqdordagi byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganlar.
Sudda XX eʼlon qilingan ayblovga toʻliq iqror boʻlib, qilmishidan pushaymonligini bildirgan. Taʼkidlash kerakki, u avval qurilish faoliyati boʻyicha aniqlangan kamomad boʻyicha jami 3 marotaba jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Andijon viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” DUKda ishlab kelgan sudlanuvchi ham aybiga toʻliq iqror boʻlgan va pushaymonlik bildirdi.
Yakuniy sud hukmiga koʻra, sudlanuvchi XX.ga ish xaqining yigirma foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 2 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi belgilandi.
"Yagona buyurtmachi xizmati" sobiq inspektoriga esa 2 yil muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib va ish haqining yigirma foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Ish boʻyicha yetkazilgan zarar toʻliq qoplangan. Ushbu sud ishi Oliy sud portalidan olindi.