Qurilish korxonasining xatosi fuqaroga qimmatga tushdi
Mijoz uyini 150 mln soʻmga taʼmirlagach, xonadonning haqiqiy egasi kelib uni boʻshatishni soʻragan.

Raqobat qoʻmitasi boshqarmalariga aholidan yangi qurilayotgan koʻp kvartirali uy-joylarni shartnomaga nomuvofiq holda taʼmirlanmaganligi yoki belgilangan muddatda topshirilmayotganligi yuzasidan murojaatlar kelib tushmoqda.
Xususan, murojaatlardan birida fuqaro V.A. “SHOXJAHON DENTA” MChJ qurilish korxonasi bilan shartnoma asosida Urganch tumani, “Oq ariqlar” mahallasida joylashgan 59-uy, 19-xonadonni notarius orqali oldi-sotdi shartnomasi bilan sotib olgani, ammo bugungi kunda muammoga duch kelayotgani yuzasidan amaliy yordam soʻragan.
Raqobat qoʻmitasi tomonidan olib borilgan oʻrganishlarda odatdan tashqari holatga duch kelindi: Quruvchi tashkilot xodimi tomonidan fuqaroga mazkur uyning 19-xonadoni oʻrniga adashib, 18-xonadoni koʻrsatilib, uning kaliti topshirilgan.
Fuqaro esa bundan xabari boʻlmay, xonadonni 150 000 000 soʻm mablagʻ sarflab taʼmirlatgan, soʻng unga koʻchib oʻtgan.
Biroz vaqt oʻtgach, 18-xonadonning haqiqiy egasi kelib, uyni boʻshatishni talab qilgan va unga tegishli hujjatlarni koʻrsatgan. Ular orasida uyni almashtirish yoki taʼmir uchun sarflangan mablagʻni toʻlab berish haqida kelishuvga erishilmagan.
Oʻrganishlar davomida qurilish korxonasi tomonidan ushbu holatda katta masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻyilgani jiddiy oqibatlarga olib kelgani maʼlum boʻldi. Yaʼni yangi qurilayotgan uylarni sotishda xaridorlar bilan toʻgʻri va aniq aloqa oʻrnatilmagan, kimga qaysi xonadon ajratilganligi haqida toʻliq maʼlumot berilmagan, bunday xatoliklarning oldini olish yoki yoʻl qoʻymaslik choralari koʻrilmagan.
Murojaatni oʻrganish natijasida isteʼmolchining murojaati ijobiy hal etilib, huquqlari himoya qilindi. “SHOXJAHON DENTA” MChJ tomonidan 19-xonadon toʻliq taʼmirlab berilishi taʼminlandi.