platina.uz
Jamiyat

Prezident “Millat fidoyilari” xiyobonida boʻldi

Shavkat Mirziyoyev bu yerda marhum harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari bilan uchrashdi, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ziyorat qildi. 

Prezident “Millat fidoyilari” xiyobonida boʻldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Gʻalaba bogʻidagi “Millat fidoyilari” xiyobonida boʻldi.

Davlatimiz rahbarining gʻoyasi asosida tashkil etilgan ushbu yodgorlik mustaqillik yillarida mamlakatimiz himoyasi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining xotirasiga bagʻishlangan.

Majmua yuqoridan qaraganda davlatimiz bayrogʻidagi yarim oy va oʻn ikki yulduz shaklida namoyon boʻladi. Qariyb ikki metrli yulduzlarning qirralari bitiktosh vazifasini ham oʻtaydi. Ularning yon taraflariga 196 nafar qahramonlarimiz nomi zarhal harflar bilan yozilgan. Bu bitiklar yoniga monitorlar oʻrnatilgan boʻlib, millat fidoyilari toʻgʻrisida maʼlumotlar foto va videolar orqali namoyish etib boriladi. Yaʼni, ularning faqat nomi emas, bolaligi, orzulari, ishi va oilasi koʻz oldimizda jonlanadi.

Bayrogʻimizdagi yarim oy moʻʼjaz amfiteatr shaklida xiyobonga koʻrk bagʻishlagan. Uning tepasidan poklik ramzi – suv oqib turadi. Oyning orqa tarafidagi haykaltaroshlik kompozitsiyasi badiiy gʻoyaga yakun yasagan. Uning markazida farzandini harbiy xizmatga kuzatgan ota-ona siymosi gavdalantirilgan. Ikki yonida Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Oliy sud va prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qoʻmitasi, Milliy gvardiya kabi tuzilmalar xizmatchilari aks ettirilgan.

Prezidentimiz shu yerda marhum harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari bilan uchrashdi.

– Har yili bu yerga kelib, Ikkinchi jahon urushidagi yoʻqotishlarni eslaymiz. Endi mustaqillik fidoyilariga bagʻishlangan ushbu majmuani tashkil qilganimiz xayrli ish boʻldi. Chunki ular ham milliy qahramonlarimiz. Shu jihatdan, bu maydonning maʼnaviy ahamiyati katta. Bu ham oʻzlikni anglash, bu ham inson qadri, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari vatan himoyachilarining oila aʼzolariga chuqur hurmatini bildirdi.

– Bu jasur oʻgʻlonlar tahlikali vaziyatda oʻzini oʻylamay, burchiga sodiq qolib, xalqi uchun jonini fido qilgan. Hozirgi tinchlikda, osmonimiz musaffoligida ularning katta hissasi bor. Oilalari, barcha yaqinlari bilishi kerakki, ular oramizda xuddi tirikdek, nomlari hech qachon oʻchmaydi. Buni mana shu maydonda muhrlab qoʻydik. Men ularning ota-onalariga, turmush oʻrtoqlariga taʼzim qilaman. Farzandlari qahramon otalariga munosib boʻlishini istayman, – deya taʼkidladi Prezident.

Millat fidoyilari tugʻilgan tumanlarda xotira tadbirlari oʻtkazish, ularning mardligini yoshlarga ibrat qilib koʻrsatish, qahramonliklari haqida asarlar yozish zarurligi taʼkidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti qatnashchilarini ham ziyorat qilib, bayram bilan tabrikladi.

– Avvalo, sizlarni, siz orqali barcha faxriylarimizni Gʻalabaning 80 yilligi bilan tabriklayman. Xalqimiz nomidan barchangizga chuqur minnatdorlik bildiraman. Sizlarning qahramonligingiz tufayli bugungi avlodlar shunday tinchlik-forovonlikda yashayapti. Bu tinchlikning qadrini yoshlarimizga sizlar orqali yetkazishimiz kerak. Hayotingizning oʻzi bizga namuna. Har bir gapingiz juda katta taʼlim, bilim. Ilohim, sogʻligʻingiz mustahkam boʻlib, koʻp yillar faxrimiz, duogoʻyimiz boʻlib yuring, – deya tilak bildirdi Shavkat Mirziyoyev.

Nuroniylar yurtimizda tarixiy xotira ulugʻlangani, keksalarga katta hurmat-eʼtibor koʻrsatilayotganini aytib, duolar qilishdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 19 fevraldagi qaroriga muvofiq, urush va mehnat faxriylariga munosib hurmat koʻrsatilmoqda. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 10 ming AQSh dollari miqdorida, ushbu toifaga tenglashtirilgan shaxslarga 25 million soʻm, mehnat fronti qatnashchilariga 3 million soʻmdan bir martalik pul mukofotlari berilmoqda. Koʻplab muhtaram nuroniylarga “Ikkinchi jahon urushidagi gʻalabaning 80 yilligi” yubiley medallari topshirilmoqda.

Urush faxriylari va nogironlari uchun tibbiy va ijtimoiy xizmatlar, jumladan, patronaj xizmati koʻrsatilmoqda. Ular oʻz xohishlariga koʻra sanatoriylarda davolanmoqda.

Tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar, harbiy qismlar rahbarlari ishtirokida urush va mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining oila aʼzolarining holidan xabar olinib, yumushlariga yordamlashilmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid