platina.uz
Jamiyat

Andijondagi kanal oʻpirilishining sababi ochiqlandi

GES qurilishi sabab Janubiy Fargʻona kanalida suv toʻsish inshooti qurilgan. Aholi uy-joy va tomorqa xoʻjaliklariga yetkazilgan zararlar uchun kompensatsiya beriladi. 

Andijondagi kanal oʻpirilishining sababi ochiqlandi

Janubiy Fargʻona kanalidagi oʻpirilishga GES qurilishi sabab boʻlgan. Bu haqda "Oʻzbekgidroenergo" maʼlumot berdi.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 31 dekabrdagi qaroriga asosan Rossiya Federatsiyasining “MPR” moliya instituti mablagʻlari hisobiga Janubiy Fargʻona kanalida “JFK-3 kichik GES qurilishi” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Loyihaning quvvati 6,9 MVT boʻlib, yiliga 33 mln. kVt.soat elektr energiya ishlab chiqarishga moʻljallangan. Qurilish ishlari “tayyor holda topshirish” sharti asosida Rossiya Federatsiyasining “Energosila” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Qurilish ishlari doirasida GES qurish ishlarini tashkil etish hamda vegetatsiya davrida qishloq xoʻjaligini suv bilan taʼminlash maqsadida, Janubiy Fargʻona kanalida suv toʻsish inshooti qurilib, suv sarfi vaqtincha aylanma kanal orqali quyi qismiga yoʻnaltirilgan.

Aylanma kanalning loyihaviy suv oʻtkazish qobiliyati 60 m3 moʻljallangan boʻlib, amalda suv sarfi miqdori 70 m3 kelganligi sababli, Janubiy Fargʻona kanalining oʻng qirgʻogʻini yuvib ketish holati yuz bergan, deyiladi xabarda.

Hozirda, Janubiy Fargʻona kanalida yuz bergan texnogen holatni bartaraf etish boʻyicha barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, taʼmirlash-tiklash ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Buning uchun zarur boʻlgan barcha texnika va ishchi kuchi resurslari jalb etilgan.

Mazkur chora-tadbirlar joriy yilning 9 may kuni soat 14:00 ga qadar toʻliq bartaraf etiladi, Janubiy Fargʻona kanalining odatiy ish rejimi tiklanadi.

Bunda, aholi uy-joy va tomorqa xoʻjaliklariga yetkazilgan zararlar kompensatsiya qilinishi taʼminlanadi.

Eslatib oʻtamiz, oʻpirilish sabab besh yuzdan oshiq xonadonga suv kirgan.

Tavsiya etamiz

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid