Prezident tibbiyot sohasi boʻyicha yigʻilish oʻtkazmoqda
Andijon, Namangan va Samarqand shahrida poliklinika shifokori kuniga 50-60 nafar bemorni qabul qilayapti. Bu hech qanday tibbiy standartlarga toʻgʻri kelmasligi aytildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tibbiyot sohasidagi islohotlarning navbatdagi bosqichida turgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.
Oʻzbekistonda yuqumli boʻlmagan kasalliklar iqtisodiyotimizga har yili 1 milliard dollar zarar keltirishi hisob-kitob qilingan. Tez yordamdagi jami chaqiruvlarning toʻrtdan biri surunkali kasalliklari bor bemorlarga toʻgʻri kelmoqda.
Masalan, Fargʻonadagi 12 ta mahallada oʻtkazilgan oʻrganishda har 10 nafar bemordan 8 nafari oilaviy shifokorni chetlab oʻtib, shifoxonaga yoki xususiy klinikaga borayotganini aytgan.
Xorazmda esa bemorlar oilaviy shifokorni emas, tez yordamni afzal koʻryapti. Sodda qilib aytganda, tez yordam xuddi poliklinikadek boʻlib qolgan.
Andijon, Namangan va Samarqand shahrida poliklinika shifokori kuniga 50-60 nafar bemorni qabul qilayapti. Bu hech qanday tibbiy standartlarga toʻgʻri kelmaydi.
Buxoroda oilaviy shifokorlar profilaktika, skrining va davolash bilan shugʻullanish oʻrniga bemorni shifoxonaga yoʻnaltiruvchi “dispetcher” boʻlib qolgani qayd etildi.
Bu masalalarni na sogʻliqni saqlash masʼullari, na hokimlar oʻylab koʻrmagani qayd etildi.
Viloyat va tuman shifoxonalarida vrachlar, oʻrinlar, mablagʻlarni toʻgʻri taqsimlashda kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotgani qayd etildi.
Kasallanish yuqori boʻlgan Surxondaryo va Qashqadaryoda har 10 ming aholi uchun 25 ta koyka boʻlsa, Navoiyda 31 ta, Sirdaryoda 34 ta davolanish oʻrni toʻgʻri keladi.
Aholi soni bir xil boʻlgan Qoʻrgʻontepadagi shifoxonada 310 ta, Namangan tumanida 420 ta koyka bor. Oqibatda dori uchun ajratilgan mablagʻ Qoʻrgʻontepada kishi boshiga 3,5 ming soʻm, Namangan tumanida 16 ming soʻmga toʻgʻri kelayapti.
Boshqa misol – Andijon shahridagi davlat shifoxonasida byudjet hisobidagi har 10 ta koykaga 26 nafar tibbiy xodim toʻgʻri keladi. Vaholanki, xususiy klinikada bu ishlarni 5 nafar xodim bajara oladi.
Avvalroq Platina shifoxonalarda vafot etayotgan bemorlar boʻyicha material eʼlon qilgandi.