Oilaviy shifokorlar 1,5 ming dollargacha maosh oladigan tizim yoʻlga qoʻyiladi
Tibbiy yordamning kafolatlangan paketi tasdiqlanadi va paket doirasida tibbiy xizmat va dori vositalari toʻliq byudjetdan qoplanadi.

Endilikda tibbiyot brigadasi hamda unga biriktirilgan aholi oʻrtasida huquq va majburiyatlarni belgilovchi ikki tomonlama shartnoma tuziladi. Aholi oilaviy shifokorni erkin tanlaydi, bu jarayonlarga xususiy oilaviy shifokorlar ham jalb etiladi.
Tibbiy yordamning kafolatlangan paketi tasdiqlanadi va paket doirasida tibbiy xizmat va dori vositalari toʻliq byudjetdan qoplanadi.
Shuningdek, poliklinikada akusher-ginekologlar 2 barobar koʻpayadi. Har 3 ming bola uchun 1 tadan pediatr shtati yangidan qoʻshiladi.
Bundan buyon birlamchi boʻgʻinda yarim yoki 0,25 stavka boʻlmaydi. Barcha shifokor va hamshiralar faqat toʻliq stavkada ishlaydi.
Umuman, tumandagi mahalla va oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar faoliyati maqbullashtirilib, 12 mingdan koʻp odamga xizmat qiladigan 7 ta yirik poliklinika, qolgan 27 tasi kichik poliklinika sifatida qaytadan tashkil qilinadi.
Tumandagi markaziy poliklinika esa tuman shifoxonasining maslahat-diagnostika boʻlimiga aylantiriladi. Barcha tor soha mutaxassislari shu yerda ishlaydi.
Bu poliklinikalarda oilaviy shifokorning bazaviy oyligi 500 dollar, hamshiraniki 300 dollar boʻladi. Oilaviy shifokor va hamshira malaka sertifikati olsa, yana shuncha ustama toʻlanadi.
Agar ular mahallada yurib, surunkali kasali borlarga vaqt ajratsa, ularni kasallik bilan yashash va uni boshqarishga oʻrgatsa, onkologik, diabet, insult, infarkt kabi kasalliklarni erta aniqlab, ogʻir asoratlarning oldini olsa, bularning hisobiga tez yordam va statsionarga murojaatni qisqartirsa, shifokorga yana 500 dollar, hamshiraga esa qoʻshimcha 300 dollar beriladi.
“Bir soʻz bilan aytganda, oilaviy shifokorlar 1,5 ming dollar, hamshiralar esa 600-800 dollar oylik oladigan tizim qilamiz. Bu orqali biz shunchaki oylikni emas – inson qadrini oshirgan boʻlamiz. Lekin, natija ham shunga yarasha boʻlishi kerak”, - dedi Prezident.
Endi mahallada bitta boʻlsa ham infarkt, insult, onalar va bolalar erta oʻlimi, surunkali kasallik tufayli orttirilgan nogironlik favqulodda holat deb qabul qilinishi lozimligi qayd etildi.