Hindiston Pokistonga raketa zarbalari berdi: nimalar maʼlum?
Pokiston ham ushbu harakatlarga javob choralarini koʻrgan. Mamlakat havo hududi 48 soatga yopildi.

Hindiston 7 mayga oʻtar kechasi Pokiston va u nazorat qiladigan Kashmir hududiga raketa hujumi uyushtirdi. Natijada kamida sakkiz kishini halok boʻldi. Pokiston hujumni "ochiq urush harakati" deb atadi, deya xabar beradi Reuters .
Hindiston Mudofaa vazirligi maʼlum qilishicha, mamlakat qurolli kuchlari “Sindur” operatsiyasini boshlab, toʻqqizta nishonga hujum qilgan.
“Pokiston va u tomonidan bosib olingan Jammu va Kashmirdagi terrorchilik infratuzilmasi Hindistonga qarshi teraktlar rejalashtirilgan va yoʻnaltirilgan”, — deyiladi bayonotda.
BBCning Pokiston armiyasi bayonotiga asoslanib xabar berishicha, zarbalar terrorchilar emas, tinch aholi yashaydigan hududlarga berilgan. Uning soʻzlariga koʻra, Hindiston samolyotlari oʻz havo kengliklaridan raketalarni uchirgan. Hindiston zarbalari natijasida sakkiz kishi halok boʻldi, 35 kishi yaralandi, ikki kishi bedarak yoʻqolgan. Zarbalardan biri masjidga urildi.
Pokiston ustidagi havo hududi 48 soatga yopildi.
SAMAA telekanalining xabar berishicha, Pokiston Hindiston hududidagi nishonlarga javob zarbalari bergan. Pokiston hukumati rahbari Shahboz Sharif "mamlakat dushmannning makkor hujumlariga munosib javob berishini" aytgan.
Ikkala tomon ham yadroviy qurolga ega. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish davlatlarni maksimal darajada harbiy vazminlikka chaqirdi. AQSh prezidenti Donald Tramp esa hujumlar boshlanganini ahmoqlik deb atab, mamlakatlar tez orada kelishib olishi kerakligini taʼkidladi.
Mojaro 22 aprel kuni mashhur Pahalgam togʻ kurorti hududida sodir etilgan teraktdan soʻng avj oldi, u yerda qurollangan shaxslar bir guruh sayyohlarga qarata oʻt ochdi. Oqibatda yigirma olti kishi halok boʻldi, ulardan 25 nafari Hindiston va bir nafari Nepal fuqarosi. Hindiston teraktda Pokistondan kelgan jangarilar javobgar ekanligini aytdi, ammo Pokiston bu ishga aloqadorlikni rad etdi.