Giyohvandlikka qarshi kurashda zamonaviy texnikalar qoʻl keladi
Yevropa Ittifoqidan yuborilgan maxsus texnikalar sintetik giyohvand moddalarining internet, messenjerlar va anonim toʻlov tizimlari orqali tarqatilishi bilan bogʻliq zamonaviy tahdidlarda yordam beradi.

Toshkentdagi Xalqaro biznes markazida Yevropa Ittifoqining CADAP dasturi doirasida Oʻzbekistonning tegishli vazirlik va idoralariga zamonaviy texnika hamda maxsus uskunalar topshirildi.
Mazkur tadbir Markaziy Osiyoda giyohvandlik vositalarining noqonuniy tarqalishining oldini olish, texnik imkoniyatlarni kengaytirish va real vaqt rejimida axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyishga qaratildi.
Tadbirda Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi, CADAP dasturi rahbariyati, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Narkotik moddalarni nazorat qilish qoʻmitasi, “Mahalla” xayriya jamoat jamgʻarmasi hamda Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi vakillari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston tomoni giyohvandlikka qarshi kurashish sohasida koʻrsatilayotgan keng qamrovli yordam va barqaror sheriklik uchun Yevropa Ittifoqiga minnatdorlik bildirdi.
CADAP dasturi Yevropa Ittifoqi tashabbusi bilan 2001 yilda yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, Markaziy Osiyo davlatlarida giyohvand moddalarining noqonuniy aylanmasi va ularning Yevropaga tranzitini cheklash hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Dastur doirasida shu kungacha 800 dan ortiq oʻzbekistonlik mutaxassislar Yevropaning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda xalqaro markazlarida malaka oshirib, ilgʻor tajribalarni oʻzlashtirgan. CADAP dasturi direktori Ernest Robelloning soʻzlariga koʻra, topshirilgan texnik vositalar nafaqat texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash, balki davlatlar oʻrtasida axborot almashinuvi va tizimli hamkorlikni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Tadbirda, shuningdek, sintetik giyohvand moddalarining internet, messenjerlar va anonim toʻlov tizimlari orqali tarqatilishi bilan bogʻliq zamonaviy tahdidlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi mazkur hamkorlikni yanada chuqurlashtirib, transmilliy giyohvandlik jinoyatchiligiga qarshi kurashish yoʻlida izchil hamkorlikni davom ettirishga qatʼiy ishonch bildirdi.