Yakkasaroy hokimining sobiq oʻrinbosariga belgilangan jazo yengillashtirildi
U sheriklari bilan bajarilmagan ishlar hajmini qoʻshib yozish orqali byudjet pulini oʻzlashtirishda ayblangan.

Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari boʻyicha kassatsiya instansiyasida Yakkasaroy tumani hokimi sobiq oʻrinbosariga nisbatan sud ishi koʻrib chiqildi.
A.A. muqaddam Yakkasaroy tuman hokimining qurilish, uy-joy, kommunal xoʻjaligi, transport masalalari boʻyicha oʻrinbosari sifatida ishlagan.
Aytilishicha, “Express Stroy” MChJ rahbari boʻlgan shaxs tanishi “Buxoro Mebel Savdo” MChJ rahbari xavfli retsidivist T. O. hamda Yakkasaroy tumani hokimining qurilish ishlari boʻyicha oʻrinbosari A.A.lar bilan koʻp miqdordagi oʻzlariga ishonib topshirilgan byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilish maqsadida oldindan jinoiy til biriktirgan.
Ular tumandagi qurilish obʼektlaridan birida 553.706.945 soʻmlik ishlar bajarilganligi haqida soxta maʼlumotlar kiritilgan rasmiy hujjat hisoblanuvchi dalolatnomalarni qalbakilashtirilgan holda 2023 yil noyabr oyida rasmiylashtirishib, unga 91.837.711 soʻmlik haqiqatda bajarilmagan ishlar hajmini qoʻshib yozish orqali byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilishgan.
A.A. kassatsiya shikoyatida, sodir etilgan jinoyatda uning aybi yoʻqligini, hech kim bilan til biriktirmaganligini, obʼektlarni joyiga chiqib tekshirganligini, uning muqaddam sudlanmaganligini, oilalik boʻlib, farzandlari va nevaralari borligini, halol mehnat qilganligini inobatga olib, oqlov hukmi soʻragan.
Sud uning qilmishidan pushaymonligini, uning oilaviy va moddiy sharoitini, oilali boʻlib, qaramogʻida 3 nafar farzandi va turmush oʻrtogʻi borligini, oilasining yagona boquvchisi ekanligini, ish boʻyicha yetkazilgan zararning oʻrni bartaraf etilganligini, fuqaroviy daʼvogar vakilining unga nisbatan daʼvosi yoʻqligini va yengillik berish haqidagi iltimosini inobatga olib, yengillik berish lozim deb topdi.
Yakuniy hukmga koʻra, sobiq zamhokimga oʻtash uchun ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 9 oy 13 kun muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi qoldirildi.
Bir yil muddatga korxonalar, muassasalar yoki tashkilotlarda mansabdorlik lavozimlarini egallash, moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi hamda JKning 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolar bekor qilindi.