Taʼlimning sirtqi shakliga qabul tugatiladi
Kunduzgi taʼlimdan boshqa muqobil taʼlim shakllari boʻyicha qabul kvotalari esa oshirib boriladi.

Yangi tashkil etiladigan taʼlim tashkilotlari faoliyati ikki bosqichda yoʻlga qoʻyiladi.
Prezident farmoniga koʻra, 2025 yil 1 iyuldan yangi tashkil etiladigan taʼlim tashkilotlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish 2 bosqichda amalga oshiriladi:
- 1-bosqichda faoliyatni boshlash uchun oʻrta maxsus, kasbiy, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tashkilotlari oʻrnatilgan tartibda litsenziyalanadi, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish taʼlim tashkilotlari xabardor qilish tartibida tashkil etiladi;
- 2-bosqichda taʼlim tashkilotlarining kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladigan taʼlim dasturlari maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkaziladi. Bunda:
- maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtmagan taʼlim dasturlari boʻyicha taʼlim oluvchilarni oʻqishga qabul qilishga yoʻl qoʻyilmaydi;
- maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtmasdan qabul jarayonini amalga oshirish litsenziya talab va shartlarini qoʻpol ravishda buzish deb baholanadi va taʼlim tashkilotiga berilgan litsenziyaning bekor qilinishiga asos boʻladi.
2025/2026 oʻquv yilidan taʼlimning sirtqi shakliga qabul tugatiladi hamda kunduzgi taʼlimdan boshqa muqobil taʼlim shakllari boʻyicha qabul kvotalari oshirib boriladi.
Shuningdek, 2025/2026 oʻquv yilidan:
- oliy taʼlim tashkilotlarining muqobil taʼlim shakllari boʻyicha umumiy qabul kvotasini kunduzgi taʼlim shakli qabul natijasining 50 foizidan oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi;
- magistratura bosqichida muqobil taʼlim shakllari asosida ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashga ruxsat beriladi;
- oliy taʼlim tashkilotlarida muqobil taʼlimning kredit-modul tizimiga asoslangan maqbullashtirilgan kunduzgi taʼlim shakli (part-time education) boʻyicha oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi;
- muqobil taʼlim shakllariga talabalarni belgilangan meʼyordan ortiqcha qabul qilish litsenziya talab va shartlarini qoʻpol ravishda buzish deb baholanadi hamda litsenziyani bekor qilish uchun asos hisoblanadi.
Shuningdek, har bir taʼlim tashkiloti tarkibida ichki taʼlim sifati auditini amalga oshirishga masʼul ichki taʼlim sifati nazorati boʻlimlari tashkil etiladi.

