platina.uz
Siyosat

Prezident huzuridagi 2 ta muassasa qayta tashkil etildi

Ularga yangi rahbarlar ham tayinlandi.

Prezident huzuridagi 2 ta muassasa qayta tashkil etildi

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi Prezident huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi etib, Davlat boshqaruvi akademiyasi Prezident huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi etib qayta tashkil etildi.

Har ikkala muassasaga rahbarlar tayinlandi. Jasur Solihov Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi rektori, Gulnoza Ismoilova "El-yurt umidi" jamgʻarmasi ijrochi direktori lavozimiga tayinlandi.

Shavkat Mirziyoyevga 5 may kuni namoyish etilgan istiqbolli kadrlarni maqsadli tayyorlash va mutaxassislarning xorijda taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlashga oid takliflar taqdimotida qayd etilishicha, istiqbolli mutaxassislarni xorijda tayyorlash boʻyicha bakalavriat, magistratura va doktorantura bilan bir qatorda davlat xizmatchilari olti oygacha maqsadli stajirovkaga yuboriladi. Bunda energetika, urbanizatsiya, transport, arxitektura, geodeziya, yer munosabatlari, texnika, muhandislik kabi iqtisodiyotning drayver sohalariga, davlat boshqaruvi va dolzarb ijtimoiy yoʻnalishlarga ustuvorlik beriladi.

Xalqaro reytinglarda “TOP-100” talik universitetlarga grant asosida oʻqishga kirgan nomzodlarga “El-yurt umidi” stipendiyasi imtihonlarsiz ajratiladi. “TOP-300” talikda boʻlgan universitetlarga grantga kirganlarga xalqaro transport va turar joy xarajatlari imtihonlarsiz qoplab beriladi. “TOP-20” talikdagi universitetlar bakalavriatiga 50 foiz grant asosida qabul qilingan Prezident maktablari bitiruvchilariga stipendiyalar tanlovlarsiz ajratiladi.

Xorijda oʻqiyotgan yurtdoshlarimiz bilan doimiy muloqotda boʻlish, ularning ehtiyojlarini aniqlash hamda taʼlim-tarbiya jarayonlarida yordamlashish maqsadida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlarining ota-onalari kengashi tuziladi. Elchixona va konsulliklarga talabalarga huquqiy va tashkiliy koʻmak koʻrsatish vazifalari yuklatiladi.

Shuningdek, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida, yangi tizimga asosan, endi davlat xizmatchilari uchun 3 ta dastur – malaka oshirish, qayta tayyorlash va magistratura yoʻlga qoʻyiladi. Barcha uzoq va oʻrta muddatli oʻquvlar xorijiy hamkorlar bilan qoʻshma taʼlim dasturlari hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining tayanch tavsiyalari asosida tashkil etiladi.

Magistraturada “Davlat boshqaruvi”, “Davlat siyosati”, “Hududlarni kompleks rivojlantirish”, “Inson resurslarini rivojlantirish” va “Davlat moliyasini boshqarish” yoʻnalishlarida 18 oygacha muddatda chuqurlashtirilgan bilimlar beriladi. Davlat buyurtmasidan tashqari toʻlov-kontrakt shaklida ham talabgorlar qabul qilinadi.

Akademiyada taʼlim dasturlari va ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish boʻyicha tavsiyalar berish, nufuzli xorijiy ilmiy-taʼlim muassasalari bilan hamkorlik oʻrnatish uchun Xalqaro akademik maslahat kengashi tuziladi.

Shuningdek, akademiya huzurida 4 ta yangi markaz tashkil etilmoqda. Misol uchun, Davlat boshqaruvi muammolarini ilmiy-amaliy tadqiq etish markazi davlat xizmati samaradorligini oshirish, xususiy sektordagi ilgʻor amaliyotlarni davlat boshqaruvida joriy qilishga qaratilgan tavsiyalar berib boradi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid