platina.uz
Iqtisod

Oʻzbekistonda sanoat ishlab chiqarishi yetti yilda 1,5 barobarga oʻsdi

Sanoatning YaIM tarkibidagi ulushi 2017 yildagi 22,2 foizdan 2024 yilda 26,4 foizgacha oshdi.

Oʻzbekistonda sanoat ishlab chiqarishi yetti yilda 1,5 barobarga oʻsdi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan 2017-2024 yillarda sanoat rivojlanishining asosiy tendensiyalari tahlil qilindi.

2017-2024 yillarda sanoatdagi oʻsish tendensiyalari ishlab chiqarish tuzilmalarini keng koʻlamda isloh qilish sharoitida shakllandi. Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish har yili oʻrtacha 6,2 foizga, umuman, tahlil qilingan davrda esa 1,5 barobardan koʻproqqa oʻsdi. Bu sanoatning iqtisodiy oʻsish "drayveri" sifatidagi oʻrnini mustahkamlash imkonini berdi. Sanoatning YaIM tarkibidagi ulushi 2017 yildagi 22,2 foizdan 2024 yilda 26,4 foizgacha oshdi.

Ushbu rivojlanish davrining oʻziga xos xususiyati ishlab chiqarish tarmoqlarining faol oʻsishi hisobiga sanoatning xomashyo tuzilmasidan yanada diversifikatsiyalangan tuzilmasiga oʻtish boʻldi. Ishlab chiqarish sanoati 2017yil darajasiga nisbatan 1,6 barobar oʻsdi va sanoat umumiy hajmining 85 foizidan ortigʻini tashkil etdi. Bu Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng yaxshi oʻsish koʻrsatkichlaridan biridir.

Ishlab chiqarish tarmoqlarini ustuvor rivojlantirishga qaratilgan siyosat bozorda tarmoq "yetakchilari"ning shakllanishida yordam berdi. Tahlil natijalariga koʻra, avtotransport vositalari va elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish 2,9 barobar, toʻqimachilik mahsulotlari va kiyim-kechaklarni ishlab chiqarish 2 barobar, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish 1,5 barobar oshdi. Xomashyoni chuqur qayta ishlashga oʻtish hisobiga metallurgiya tarmogʻida ishlab chiqarish hajmi 1,5 barobar, qurilish materiallari sanoatida 1,7 barobar oshdi.

MHTI mutaxassislari tomonidan Sanoat mahsulotlari Eksport diversifikatsiyasi indeksi (DI) hisoblab chiqildi. Hisob-kitoblarga koʻra, ishlab chiqarish tarmoqlarining rivojlanishi tor ixtisoslashuvdan yanada diversifikatsiyalangan mahsulotlar savati eksportiga oʻtishga katta hissa qoʻshdi.

Diversifikatsiya indeksi (DI) Xerfindal-Xirshman indeksining (HHI) teskari qiymatini ifodalaydi: DI = 10000-HHI. DI koʻrsatkichi quyidagicha talqin qilinadi: 8000 ≤ DI ≤ 10000 - optimal diversifikatsiya; 5000 ≤ DI < 8000 - diversifikatsiyaning oʻrtacha darajasi; 2000 ≤ DI < 5000 - diversifikatsiyaning past darajasi; 0 ≤ DI < 2000 - diversifikatsiyaning mutlaqo past darajasi.

Asosiy ishlab chiqarish tarmoqlarida Eksport diversifikatsiyasi indeksi (DI) soʻnggi davrda optimal qiymatlargacha, shu jumladan toʻqimachilik mahsulotlari va kiyim-kechaklar eksportida 8 149,5 (+571,5), kimyo mahsulotlari eksportida 8 245,2 (+1 044,8) gacha oshdi. Metallurgiyada indeksning 8 657,6 (+443,3) gacha oʻsishi misni chuqur qayta ishlash mahsulotlari, shu jumladan mis simlar va quvurlar eksportining oʻsishi hisobiga taʼminlandi.

Oʻsish ayniqsa, avtomobilsozlik, elektrotexnika kabi texnologik sohalarda sezilarli boʻlmoqda. Avtomobilsozlik sanoatida avtotransport vositalari modellar qatorining kengayishi tufayli Eksport diversifikatsiyasi indeksi yuqori boʻlgan (6 335,6 (+4 420) toifaga jadal oʻtish kuzatildi. Biroq indeksning eng yuqori koʻrsatkichi texnologik va murakkab buyumlar assortimentining kengayishi hisobiga elektrotexnika sanoati (8 922,4 (+589,8)) da qayd etildi.

Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilishning nisbatan diversifikatsiyalangan tarkibiga erishish Oʻzbekistonga Eksportning iqtisodiy murakkablik indeksi boʻyicha jahon reytingida oʻz oʻrnini yaxshilab, dunyodagi 145 ta mamlakat orasida 80-oʻringa koʻtarilish imkonini berdi.

Sanoat siyosatining oʻrta va uzoq muddatli maqsadlari barqaror ishlab chiqarish tuzilmalarini rivojlantirish, yanada texnologik va murakkab mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish asosida muvozanatlashgan eksport savatini shakllantirishga qaratilgan. Ushbu maqsadlar "Oʻzbekiston - 2030" strategiyasining asosiy ustuvor yoʻnalishlariga, jumladan, eksport hajmini 2 barobarga oshirish, texnologik sanoat mahsulotlari ulushini 32 foizga yetkazish va milliy sanoatning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish vazifalariga mos keladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid