platina.uz
Jamiyat

Eng koʻp kiberjinoyatlar qayd etilgan banklar va toʻlov tashkilotlari roʻyxati eʼlon qilinadi

Ichki ishlar organlari masʼul boʻlinmalari soʻroviga asosan shubhali pul oʻtkazma amaliyotlariga aloqador bank kartalari tezkorlik bilan bloklanadi. 

Eng koʻp kiberjinoyatlar qayd etilgan banklar va toʻlov tashkilotlari roʻyxati eʼlon qilinadi

Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar uchun jazo choralari kuchaytiriladi.

“Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi Prezident qarori (PQ-153-son, 30.04.2025 y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra, Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekistonda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yoʻnalishida vakolatli organ etib belgilandi.

Oʻz kundalik faoliyatini tashkil etishda mijozlarining manfaati va moliyaviy xavfsizligini taʼminlash banklar, toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlarining ustuvor vazifasi sifatida koʻrsatildi.

Shuningdek, kiberjinoyatni sodir etishda oʻz nomidagi bank kartasi, bank hisobraqami, SIM kartasi hamda elektron hamyonidan foydalanishga yoʻl qoʻygan shaxslar uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilanadi.

Banklar, toʻlov tizimi operatorlari hamda toʻlov tashkilotlarining axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganligi natijasida sodir etilgan kiberjinoyat oqibatida kelib chiqqan moddiy zararni ular hisobidan undirish tartibi joriy etiladi.

Jinoyat qonunchiligi bilan axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar hamda pul mablagʻlari va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat uchun belgilangan jazo choralari kuchaytiriladi.

Jinoyat sodir etishda axborot texnologiyalaridan foydalanish javobgarlik hamda jazoni ogʻirlashtiruvchi holat sifatida belgilanadi.

Har yilning noyabr oyi “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” deb eʼlon qilinadi.

Qarorga koʻra, har oy yakuni boʻyicha tizimida eng koʻp kiberjinoyatlar qayd etilgan banklar va toʻlov tashkilotlari roʻyxati ommaga eʼlon qilinadi.

Markaziy bank tomonidan aholi pul mablagʻlarini jalb qilishga qaratilgan firibgarlik sxemalari (“moliyaviy piramida”) alomatlarini aniqlash hamda ular haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tezkor xabar berish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Respublika miqyosida har yilning noyabr oyi “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” deb eʼlon qilinadi.

Kiberjinoyatlarning shakllari va ularni sodir etish usullari toʻgʻrisida ogohlantirish uchun internet va ijtimoiy tarmoqlardagi maqsadli (target) reklama xizmatidan bepul tarzda foydalaniladi.

Markaziy bank 2025 yil 1 sentabrgacha quyidagi kechiktirib boʻlmaydigan choralarni amalga oshiradi:

- banklar, toʻlov tizimi operatorlari, toʻlov tashkilotlari hamda kredit byurolarining tranzaksiyalari va boshqa zaruriy maʼlumotlarini Markaziy bankning yagona platformasiga integratsiya qilish;

- Markaziy bankda markazlashgan antifrod tizimini hamda banklar, toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlarining antifrod tizimlarini joriy etishni yakuniga yetkazish.

Voyaga yetmaganlar banklarda hisobraqamlari va bank kartalarini ochishi boʻyicha talablar ishlab chiqiladi.

Banklar ota-onalarni ularning voyaga yetmagan farzandlari bilan bogʻliq shubhali (frod) operatsiyalar haqida xabardor qilish amaliyotini yoʻlga qoʻyadi.

Banklar va toʻlov tashkilotlari tomonidan oʻzining mobil ilovalariga antivirus himoya tizimlarini oʻrnatish hamda foydalanuvchi qurilmasida zararli dasturlar belgilari mavjudligi aniqlanganda ularni ogohlantirish amaliyoti joriy etiladi.

Ichki ishlar organlari masʼul boʻlinmalari soʻroviga asosan shubhali pul oʻtkazma amaliyotlariga aloqador bank kartalari tezkorlik bilan bloklanadi.

Tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov davomida sodir etilgan kiberjinoyatlar yuzasidan kiberxavfsizlik talablariga rioya qilinganligi boʻyicha xulosa “Kiberxavfsizlik markazi” DUK tomonidan beriladi.

Shuningdk, Kiberjinoyatlarga qarshi kurashishga va raqamli tergovga koʻmaklashish markazi tashkil etiladi.

Kiberjinoyatlarni fosh etish, ularni tergov qilish amaliyotidagi mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha ilmiy asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqish Markazning asosiy yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid