platina.uz
Iqtisod

Dollar qachon qulaydi: bu jarayonga Tramp hissa qoʻshadimi?

Dunyoda hozircha muqobili yoʻq, necha yillik qiymatga ega valyuta taqdiri AQSh prezidentining yuz kunlik davrida ilk bor shubha ostida qoldi.

Dollar qachon qulaydi: bu jarayonga Tramp hissa qoʻshadimi?

Soʻnggi bir asr ichida dollar dunyodagi bosh valyutaga aylandi. Jahon mamlakatlari pullarini dollarda saqlashni, savdo qilishni, qarz olishni, neft va bitkoin narxlarini dollarda belgilashni afzal koʻrishadi. 1970-yillardayoq SSSR rahbari Nikita Xrushchev “tez orada” dollar qulashini aytgan edi. Biroq bu bashorat ham, boshqalari ham hozirgacha amalga oshmadi.

Lekin Donald Tramp prezidentlikka kelgach, bor-yoʻgʻi 100 kun ichida dunyo iqtisodiyotida dollarning qariyb yuz yillik hukmronligini shubha ostiga qoʻydi.

Dollarning dunyodagi oʻziga xos maqomi

Dollarning alohida maqomi AQShning “benazirligi” gʻoyasini aks ettiradi – goʻyoki AQShga umumiy qoidalar taalluqli emas, chunki u dunyodagi eng yirik iqtisodiyot, demokratik davlatlarning harbiy homiysi va erkin savdo hamda kapital harakatining kafolatchisi sifatida yetakchi rol oʻynaydi.

Xususan, 1971 yili AQShning 37-prezidenti buyrugʻi bilan Amerika Bretton-Vuds tizimidan – yaʼni dollarning oltinga bogʻliqligidan voz kechdi. Shundan keyin AQSh valyutasi oltin bilan taʼminlanmaydigan boʻldi. Donald Tramp esa aynan shu “benazirlik”ni shubha ostiga qoʻydi. Lekin dollar javoban uni oʻz oʻrniga qaytardi.

Birinchi zarbada dollar omon qoldi...

Chet elliklar, hatto dollar kursi tushib ketgan paytlarda ham, Amerika iqtisodiyotiga mamnunlik bilan pul tikmoqda. Bunday sarmoya oqimi AQShga oʻz imkoniyatlari darajasidan yuqoriroq darajada yashashga imkon beradi, lekin byudjet taqchilligi va davlat qarzini taʼminlaydi. Har qanday boshqa davlat bu koʻrsatkichlar bilan allaqachon defoltga uchragan boʻlar edi. Lekin AQSh emas!

Shu sababdan, inqirozlar davrida pullar anʼanaviy ravishda AQShga yoʻnaltiriladi – hatto agar inqiroz aynan shu yerdan boshlangan boʻlsa-da. Investorlar pullarini xavfsiz goʻshada saqlashni xohlashadi. Ular yuqori daromadli, lekin xatarli aktivlarni – aksiyalar, korporativ obligatsiyalar va rivojlanayotgan bozorlar aktivlarini sotib yuborishadi.

Qutqarib qolingan mablagʻlar esa odatda AQSh davlat obligatsiyalariga yoʻnaltiriladi. Shuning uchun barcha narsa qulayotgan paytda ularning narxi koʻtariladi va shu bilan birga dollar kursi ham oshib boradi – chunki bu obligatsiyalar faqat dollarda sotiladi.

Har holda shu paytgacha vaziyat shunday edi. Lekin kunlardan bir kun Tramp butun dunyoga savdo urushi eʼlon qildi! Natijada bozorlarda xavotir paydo boʻldi – kompaniyalarning aksiyalari keskin arzonlasha boshladi, chunki Tramp tariflari ularga zarar keltiradi. Ammo odatdagidan farqli ravishda bu safar davlat obligatsiyalarining narxi va dollar kursi oshmadi, aksincha pasaydi.

Dollar 5% qiymatini yoʻqotdi va Tramp saylanganidan keyin orttirgan yutuqlaridan mahrum boʻldi. AQShning “benazirlik” jozibasi yoʻqoldi – kapital oqimi kirish oʻrniga chiqib keta boshladi.

Vaziyat shunchalik noodatiy va jiddiy ediki, Tramp darhol toʻxtadi va yangi tariflarni kuchga kirganidan bor-yoʻgʻi 13 soat oʻtiboq muzlatib qoʻydi. Birinchi gal dollar gʻalaba qildi. Ammo hali oldinda koʻplab kurashlar turibdi.

Nega dollarning maqomi omonat boʻlib qoldi?

Agar avval dollarning dunyodagi gegemoniyasi Rossiya yoki Braziliya kabi rivojlangan mamlakatlarda norozilik uygʻotgan boʻlsa, bu safar savollar AQShning oʻzining boy ittifoqchilari tomonidan koʻtarildi. Vaholanki, avval ularning dollarga munosabatlari yomon emas edi.

Bunday holatning kelib chiqishiga sabab – Donald Trampning hammaga va hamma frontlarda bir vaqtda hujum qilishi boʻldi. U erkin savdo tizimini yoʻq qildi va Kanada, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya hamda hatto Avstraliya kabi uzoq mamlakatlardan kelayotgan tovarlarga 10 foizdan 25 foizgacha boj toʻlovlari joriy etdi.

U urushdan keyin shakllangan dunyo tartibotini ham buzib yubordi – bungacha AQSh oʻz ittifoqchilari xavfsizligining kafolatchisi va NATOning yetakchisi sifatida qaralar edi. U Daniyadan Grenlandiyani tortib olishni va Ukraina hududlarining bir qismini Vladimir Putinga topshirishni vaʼda berdi.

Trampning ikkinchi muddat prezidentligining atigi 100 kuni ichida AQSh xalqaro majburiyatlarining shunchalik koʻpini bekor qildiki, butun dunyo Amerikaga ishonchsiz sherik sifatida qaray boshladi.

Bu esa oʻz navbatida AQShning dunyo savdosi, iqtisodi va siyosatdagi roli pasayishiga olib kela boshladi. Pirovardida bu dollarning global roli tushishiga sabab boʻladi.

Xorijiy investorlarning ixlosi qaytishi mumkinmi?

Hozirgacha AQSh byudjeti va savdo balansidagi oʻsib borayotgan kamomad chet el sarmoyalari hisobiga moliyalashtirib kelingan. Bu pullarning asosiy qismi zavodlar yoki koʻchmas mulk emas, balki moliyaviy aktivlarga yoʻnaltirilgan.

Turli baholarga koʻra, chet elliklar AQSh moliyaviy aktivlarining 20-30 foiziga egalik qiladi. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) ularning sarmoyalarini 22 trillion dollar deb baholaydi. Boshqa maʼlumotlarga koʻra, faqatgina aksiyalarga 20 trillion, kompaniyalar va banklar obligatsiyalariga yana 5 trillion dollar yoʻnaltirilgan. Shuningdek, xorijliklar qariyb 9 trillion dollarga AQSh xazina obligatsiyalarini – jahondagi eng likvid va mashhur moliyaviy instrumentni sotib olishgan.

Dollardagi aktivlarga xorijdan pul oqimi Amerika uchun joriy xarajatlar va 36 trillion dollarlik tarixiy davlat qarzini moliyalashtirish imkonini beradi. Faqatgina kapital chiqib ketishini toʻxtatish yetarli emas – chet elliklar AQSh defitsiti qancha oʻssa, shuncha dollar obligatsiyalarini sotib olishda davom etishi kerak.

Tramp, hech shubhasiz, defitsit oʻsishining oldini olishga harakat qilmoqda. Masalan, Ilon Maskka davlat xarajatlarini qisqartirishni topshirgan, ammo hozircha erishilgan natijalar uncha katta emas.

Shu bilan birga Tramp soliqlarni pasaytirishni (demakki, byudjet daromadini kamaytirishni) va import bojlari hisobiga byudjetdagi “teshik”ni yopishni rejalashtirgan, ammo iqtisodchilar bu rejaning realligini shubha ostiga qoʻyishgan.

Shunday ekan, yaqin vaqtda Amerika yana chet elliklarning saxiyligiga umid bogʻlashga majbur boʻladi. Ammo Trampning ittifoqchilar bilan urishib qolishi va Xitoy bilan iqtisodiy urush olib borishi – bunday sharoitda oʻta nomaqbul yoʻl boʻldi. Chunki AQSh obligatsiyalarining eng yirik xaridorlari Yaponiya, Xitoy va Buyuk Britaniya hisoblanadi.

Pul emas – qogʻoz parchalari

Taʼkidlash joiz, AQSh obligatsiyalari egalariga foiz toʻlanadi, chunki ular dollarni qarzga beradi. Lekin Amerikaga foizsiz qarz berayotgan “savobtalab” xorijliklar toifasi ham mavjud.

Dollar banknotalarining taxminan yarmi va 100 dollarlik kupyuralarning uchdan ikki qismi AQSh tashqarisida aylanmoqda. Ularning umumiy qiymati 1 trillion dollarni tashkil etadi.

Endi esa ana shu vaziyat xavf ostida, chunki Tramp chet el tovarlarining AQShga oqib kirishini cheklashga urinyapti.

Tramp AQSh dollarini chet elliklarga emas, balki yuqori maosh olib mehnat qilayotgan amerikalik mehnatkashlarga berish tarafdori. Ular esa bu dollarlarni arzon chet el tovarlariga emas, balki qimmat mahalliy mahsulotlarga almashtirishi kutilmoqda. Shu tariqa Tramp mamlakatni import bojlari bilan dunyodan ihotalab qoʻymoqda.

Natijada xorijliklar Amerika hukumati va kompaniyalariga dollarda qarzga berishni istamay qolishyapti. Ustiga-ustak, dollar ishlab topish imkoniyati ham qisqarmoqda. Qolaversa, AQSh obroʻsiga putur yetib, dollarning dunyodagi gegemonlik roliga jiddiy zarba berilmoqda.

Nega Tramp siyosati dollarga xavf solishi mumkin?

Dollar hukmronligi va afzalligi 10 ta asosiy ustunga tayanadi. Tramp ularning deyarli barchasini yoʻq qila boshladi:

1. Iqtisodiy oʻsishga tahdid: Tramp bojlar narxlarini koʻtarmoqda. Bu kompaniyalarda innovatsiyaga va aholida isteʼmolga mablagʻ kamayishiga olib keladi. Immigrantlar va universitetlarga hujumlar esa AQShni chet ellik ilm-fan va mutaxassislardan mahrum qilmoqda.

2. Qonun ustuvorligiga tahdid: Trampning bosqinchi siyosati Amerikada konstitutsion inqiroz xavfini tugʻdirmoqda.

3. Institutlarning izdan chiqishi: Mask orqali byurokratiya zaiflashmoqda, davlat ishlari esa tajribasiz, manmansiragan boylar, qarindoshlar va teleboshlovchilar qoʻliga topshirilmoqda.

4. Kapital harakatini cheklash gʻoyasi: hozircha nazariy darajada, lekin hatto qisman defolt yoki chet elliklarga aksiya soligʻi haqidagi gaplar investorlar uchun jiddiy xavotir tugʻdiradi.

5. Moliya bozorining barqarorligi: Amerika bozorini yiqitish uchun yillar kerak. Ammo bu borada ishlar boshlangan.

6. Federal Zaxira Tizimi (FZT) mustaqilligiga tahdid: Tramp FZT rahbari Jerom Pauellni ishdan boʻshatmoqchi edi. Shov-shuv koʻtarilgani bois, bu niyatidan qaytdi, ammo unga oʻrinbosar qilib oʻz tarafdori Kevin Uorshni qoʻymoqchi.

7. Obligatsiyalarga ishonch pasaymoqda.

8. Sanksiyalarning koʻpayishi: Tramp sanksiyalar boʻyicha oldingi prezidentlardan ham oshib ketdi.

9. Savdodagi ulush kamaymoqda: AQShning dunyo savdosidagi ulushi pasaymoqda. Tramp esa “bizga hech kim kerak emas” deb, toʻliq izolyatsiyaga urinmoqda.

10. Ittifoqchilar ishonchi pasaymoqda: Kanada “mudofaaga” oʻtdi, Yevropa esa oʻz yoʻlini topishga harakat qilmoqda. Bunday jarayon dollarni sotib olish va AQShga sarmoya kiritish istagini pasaytiradi.

Dollar kursi pasayadimi?

Dollar kursi va uning jahon moliyaviy tizimidagi roli – bu ikki xil masala.

Hatto agar dollar arzonlashishda davom etsa-da, bu uning global ahamiyatiga xavf tugʻdirmaydi. Shu holat 2008-2009 yillardagi moliyaviy inqirozdan soʻng ham kuzatilgan – dollar qadrsizligiga qaramasdan, xorijliklar Amerika aktivlariga rekord darajada investitsiya kiritishda davom etgan edi.

Qayd etish kerak, dollarning qiymatsizlanishi uchun u jahon moliyaviy tizimidagi markaziy oʻrnini yoʻqotishi shart emas. Faqat oʻziga xoslikdan biroz chekinish yetarli. Bunday natija sunʼiy yaratilgan iqtisodiy pasayish orqali yuzaga kelishi mumkin.

Tramp yuritayotgan siyosat mamlakatni aynan shu yoʻnalishdan boshlab ketmoqda – iqtisodiy oʻsish sekinlashmoqda, iqtisodchilar hatto qisqa muddatli retsessiyani bashorat qilmoqdalar. Buning ortidan kompaniyalar foydasining oʻsishi ham sustlashmoqda. Agar bunga Trampning keyingi qadamlari borasidagi noaniqlik va AQSh markaziy bankining mustaqilligiga qarshi tajovuzlarini qoʻshsak, xorijlik investorlarning Amerika aktivlariga boʻlgan qiziqishi pasayishi uchun barcha shartlar mavjud.

Bu esa dollarning sezilarli darajada qadrsizlanishiga olib kelishi aniq. Biroq dollar kursining tushishini uning global hukmron valyuta sifatidagi maqomini yoʻqotishi bilan adashtirmaslik kerak. Ilgari ham dollar katta kurs oʻzgarishlariga duch kelgan, ammo oʻz mavqeini yoʻqotmagan.

Trampning oʻzi dollar kursi tushishiga qarshi emas – bu Tramp yomon koʻradigan savdo defitsitini qisqartirish usullaridan biri, deb koʻriladi. Arzon dollar importni qimmatlashtiradi va qisqartiradi, eksport esa arzonlashib, koʻpaya boshlaydi. Shu bois, dollar kursi pasayishi bu darhol inqiroz degani emas. Haqiqiy dollar inqirozi – bu dollardan ommaviy voz kechish va xorijiy aktivlarga oʻtish natijasida roʻy beradi. Ammo bunday boʻlishi qiyin. Chunk dunyoda dollardagi aksiya va obligatsiyalarga munosib muqobil yoʻq.

Qaysi valyuta dollar oʻrnini bosa oladi?

Yaqin kelajakda dollarni global yetakchi valyuta sifatida toʻliq almashtira oladigan munosib variant mavjud emas. Biroq Tramp yuritayotgan siyosat dollarning jahondagi roli asta-sekin pasayishini tezlashtirishi mumkin.

Oʻtgan yil oxirida dunyo boʻylab 12 trillion dollar miqdorida rezervlar toʻplangan edi. Ulardan taxminan 60 foizi dollarda saqlangan, 20 foizi esa – yevroda. Yapon iyenasi hissasiga 6%, Buyuk Britaniya funtiga 5% toʻgʻri keladi. Xitoy yuani esa atigi 2% boʻlib, bu hatto Kanada yoki Avstraliya dollarlaridan ham kam.

Yuqoridagilar rasmiy zaxiralardagi jamgʻarmalar xolos. Valyuta sifatidagi boshqa funksiyalarda dollar yanada ustunroq. Chunki jahondagi valyuta ayirboshlash operatsiyalarining qariyb 90 foizi dollarda amalga oshiriladi, savdo hisob-kitoblarining 50 foizdan ziyodrogʻida dollar qoʻllaniladi, xorijiy valyutalardagi qarzlarning 70 foizi dollarda ifodalangan.

Ehtimoliy raqib sifatida yuan xayolga keladi. Axir Xitoy dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiy yetakchi hisoblanadi! Ammo Xitoyda yuan kursini kommunistik partiya nazorat qiladi. Qonun ustuvorligi, kapital harakatning erkinligi va rivojlangan moliya bozorlari borasida Xitoy AQSh oʻrnini bosa olmaydi. Qolaversa, Xitoy kommunistik partiyasi hamon oʻz siyosatini oʻzgartirish va tovar hamda kapital eksport qiluvchi mamlakatdan boshqalarning iqtisodiy beqarorligini import qiluvchi mamlakatga aylanish niyatini bildirgani yoʻq.

Shuningdek, yevro eng haqiqiy va muqobil valyuta boʻladi, degan taxminlar ham yoʻq emas. Biroq chorak asrdan buyon muomalada boʻlib kelayotganiga qaramasdan, yevro valyutasi dollarga jiddiy raqobatchiga aylana olmadi. Zaxiralar va hisob-kitoblardagi ulushi ham oʻzgarmayapti. Yevro hozirgi shaklida dollarga muqobil emas, chunki yevrohududda moliya bozorlari tarqoq va kichik, byudjet siyosati markazlashmagan, iqtisodi esa ancha vaqtdan beri oʻsmayapti.

Boshqa mashhur valyutalar – iyena, funt, frank ham dollar oʻrnini bosa olmaydi, chunki ularni chiqarayotgan mamlakatlarning iqtisodi jahon miqyosida nisbatan kichkinalik qiladi.

Xulosa

Xulosa qilib aytganda, prezident Tramp tashqi doʻstlarsiz, ittifoqchilarsiz, global majburiyatlarsiz Amerika yaratishga urinmoqda. Ammo global valyuta maqomi – bu ishonch va barqarorlik natijasidir. Mabodo dunyo Amerikaga ishonchni yoʻqotsa, dollar qiymatini saqlab qolish qiyinlashadi.

Shu sababdan, dollarning taqdiri endi faqat bozorlar yoki markaziy banklar qaroriga emas, balki AQShning global siyosiy odob-ahloqi va ittifoqchilar bilan qanday munosabat oʻrnatishiga bogʻliq boʻlib qolyapti. Donald Tramp dollar obroʻsini bevosita tushirmasligi mumkin, biroq uning ayrim harakatlari bu hukmronlik ustunlarini birma-bir qulata boshladi. Vaziyat shunday davom etsa, dunyo ham dollarga muqobil moliyaviy instrumentni izlashga majbur boʻladi.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid